Maqsadimiz muammolarni o‘rganish va bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish
Bugungi kunda Xorazm viloyati IIB rahbariyati tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish hamda unga qarshi kurashishda yangicha yondashuv bilan kirishilgan.
Bu boradagi ishlar qatoriga Xorazm viloyatida maʼmuriy huquqbuzarligi uchun maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning barchasi bilan viloyat IIB rahbariyati va maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona boshlig‘i tomonidan profilaktik suxbatlar o‘tkazilayotganligini ham kiritish mumkin.
Mazkur muassasaga xotin-qizlar keltirilgan holatlarda esa, ular bilan qatʼiy tarzda viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha masʼul xodimalari profilaktik suxbat o‘tkazadilar.
Joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan shu turdagi profilaktik suxbatlar natijasida, maʼmuriy qamoq jazosini o‘tab chiqqan 22 nafar shaxsning oila-turmush doirasidagi, 26 nafar shaxsning qo‘shnilari bilan o‘zaro nizolari bartaraf etilgan bo‘lsa, 12 nafar shaxs doimiy ish bilan taʼminlandi. Shuningdek 8 nafar shaxsga fuqarolik pasporti rasmiylashtirib berildi.
O‘tkazilgan tahlillar natijasi shuni ko‘rsatadiki, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning muammolarini o‘rganish va bartaraf etishga qaratilgan profilaktik suxbatlar yo‘lga qo‘yilganidan keyin ushbu shaxslar tomonidan qayta huquqbuzarlik sodir etish holatlarining keskin kamayishiga erishilgan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati