Natijalar tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi
Ichki ishlar organlarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimlari joriy qilinganligiga tarixan ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, ushbu lavozimlarda xizmat qilayotgan xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar tarix zarvaraqlaridan o‘rin olishga arziydi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Albatta ichki ishlar organlarining yangi sohaviy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan mazkur yo‘nalishda ishlarni tizimli tashkil etishda zarur normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bilan birgalikda, inspektorlarning ish faoliyatini muntazam tahlil qilish, galdagi vazifalarni bajarishda zarur tavsiyalar berish ham muhim o‘rin tutadi.
Xorazm viloyatida xizmat safarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi M.Qadirxanova va O‘zbekiston Respublikasi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i, polkovnik U.H.Abdullayevalar tomonidan viloyat ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari bilan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Xorazm viloyatida xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda xotin-qizlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.
M.Qadirxanova va polkovnik U.H.Abdullayevalar xotin-qizlar bilan ishlash tizimini samarali tashkil etish borasida joylarda amalga oshirilayotgan eng ilg‘or tajribalarni respublikamiz bo‘ylab ommalashtirish yuzasidan topshiriqlar berdilar.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati