Navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi taassurotlarga boy bo‘ldi
Xorazm viloyati IIB apparati xodimlari bilan joriy yilning 6 noyabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi taassurotlarga boy bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
“Bolangiz kitob o‘qiyaptimi?” nomli mavzuda Urganch davlat universitetining filologiya fakulteti o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti Bekposhsha Rahimova tomonidan berilgan maʼlumotlar ilmiy asoslanganligi bilan tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otgan bo‘lsa, viloyat IIB PPX va JTSB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Rashid Sultonovning “Ekopolitsiya – tabiat himoyasi sari muhim qadam” mavzusidagi hisobot maʼruzasi, bugungi kunda mamlakatimizda tabiatni asrab-avaylash borasida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni batafsil yoritib berdi.
Mamlakatimiz maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy-siyosiy hayoti bilan bog‘liq jarayonlarni o‘zida aks ettirgan axborot lavhasining namoyish etilganligi esa tinglovchilarning bugungi kun yangiliklaridan xabardor bo‘lishlari taʼminladi.
Shundan keyin, xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelayotgan bir guruh ichki ishlar xodimlariga navbatdagi maxsus unvonlar tantanali tarzda topshirildi.
Rahbariyatning ishonchi, hamkasblarining olqishi bugun unvoni bir pog‘ona oshgan ushbu xodimlarga kelgusi xizmat faoliyatida yangi kuch bag‘ishlab, yuksak zafarlar sari undashi shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati