7 Iyul 2022 yil 558

Nazorat-litsenziyalash faoliyatida targ‘ibot tadbirlari alohida o‘rin tutadi

Xorazm viloyati IIB JXX PPX va JTSB nazorat-litsenziyalash faoliyatini tashkil etish guruhi xodimlari tomonidan mahallalarda, korxona va tashkilotlarda “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik oqibatlari yuzasidan targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilmoqda. 

-Joylarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlarida fuqaroviy va xizmat quroli, uning o‘q-dorilari muomalasi sohasida ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatlarni berish, ularga egalik qilishning talablari va shartlariga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani batafsil tushuntirib berilmoqda,-deydi viloyat IIB JXX PPX va JTSB katta inspektori, katta leytenant Muzaffar Raxmonov.-Jumladan, jinoyat kodeksining 247-, 248-, 249-moddalari va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185-, 220-, 220-1, 221-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, o‘qotar bo‘lmagan qurollar yaʼni pnevmatik, gazli, signal beruvchi, uloqtirish va tig‘li sovuq qurol va elektroshok qurilmalari va o‘qotar qurolning asosiy qismlari bilan qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganligi uchun jinoiy hamda maʼmuriy javobgarlik choralari belgilandi. Qurol egalari va ularning yaqin qarindoshlarini qurolga egalik qilishga qarshi ko‘rsatmalar mavjud emasligi yuzasidan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibi, shuningdek, qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar ro‘yxatlari tasdiqlandi. Ov quroliga egalik qilishning eng kam yoshi 25 yoshgacha uzaytirildi. Barcha turdagi pnevmatik qurolga egalik qilish faqat ichki ishlar organlarning ruxsatnomasi asosida amalga oshirilishi hamda fuqaro egaligida bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday qurollar soni 3 donadan oshmasligi belgilandi. Bittadan ortiq har bir soyli stvolli o‘qotar ov quroliga, pnevmatik ov quroliga va silliq stvolli o‘qotar ov quroliga egalik qilganlik uchun har yili bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida yig‘im undiriladi. Eng muhimi, birinchi marotaba fuqaroviy qurolni (o‘zini o‘zi himoya qilish, gazli va elektroshoker qurilmalari bundan mustasno) olishda quroldan xavfsiz foydalanish qoidalari bo‘yicha maxsus qisqa muddatli o‘quv kurslarida majburiy o‘qitish tartibi belgilandi.

Targ‘ibot tadbirlarida har bir ishtirokchi mazkur qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida batafsilroq maʼlumotlar olishga harakat qilishmoqda.   

 

                                                                      Xudoybergan JABBOROV,

                                                                             “Postda” muxbiri 

Text to speech