Obod va xavfsiz mahallani shakllantirishda Xorazm tajribasi yaratiladi
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor A.I.Ikramov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatida aholining turmush tarzini yuksaltirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilayotgani to‘g‘risida xabar bergan edik.
Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish 4 noyabr kuni Xorazm viloyati hokimligi binosida bo‘lib o‘tdi.
General-mayor A.I.Ikramov raisligida tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyatdagi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarma va bo‘limlarining masʼul xodimlari ishtirok etdilar. Bugungi kunda mahallalarda hamkorlikni taʼminlash borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan masʼullarning hisobotlari tinglandi.
O‘z navbatida o‘rganish va tekshiruv yakunlariga ko‘ra ish faoliyatlari namunaviy deb topilgan mahalla faollaridan bir guruhi moddiy rag‘batlantirildi.
Yig‘ilish yakunida Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlari tomonidan mahallalarda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ichki ishlar organlari va fuqarolar yig‘inlarining uzviy hamkorligini samarali tashkil etish, aholining turmush tarzini yuksaltirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholi bilan ishlash tartibi yuzasidan ko‘rgazmali taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda keltirib o‘tilgan tizimli o‘zgarish va yangiliklar obod va xavfsiz mahallani shakllantirishda Xorazm viloyati tajribasi sifatida qabul qilindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati