Odam savdosi – davr muammosi
Hozirgi kunda asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash nafaqat mamlakatimiz balki xalqaro, mintaqaviy munosabatlarni talab etadi.
Darhaqiqat, bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha yo‘nalishdagi islohotlarning markazida inson omili turadi.
Shu maqsadda Xorazm viloyati ichki ishlar organlari tomonidan odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishda huquqiy targ‘ibot tadbirlari muntazam tashkil qilinib kelinmoqda.
Jumladan, viloyat IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi, Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha «ISTIQBOLLI AVLOD» nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda Urganch Xalqaro aeroportida o‘tkazilgan huquqiy targ‘ibot tadbiri aholini inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qiluvchi, uning erki, taqdiri va kelajagini oyoq osti qilishiga olib keluvchi odam savdosidek og‘ir jinoyat to‘g‘risida xabardor qilishda prinsipial yangicha yondashuv bo‘ldi deyish mumkin.
Mazkur tadbir davomida xalqaro reysda xorijga ketayotgan yulovchilar bilan yakkama yakka suhbatlashib, ularning safar maqsadi, ko‘zlagan manzillarida ishlash va yashash sharoitlarining nechog‘lik kafolatlanganligi hamda odam savdosi jinoyati va uning oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi.
Tadbir doirasida yurtdoshlarimizga, xorijga mehnat qilish istagi bilan otlanib ketayotgan yoshlarga odam savdosi mavzusidagi, ogohlantiruvchi tusga ega turli buklet va flayerlar ham tarqatildi. Tushuntirish ishlari davomida odam savdosi bilan bog‘liq vaziyatga tushib qolganlarga ko‘maklashish maqsadida ishga tushirilgan “Dolzarb aloqa” tarmog‘i mavjudligi va bu telefon raqami orqali maslahat olish istagida qo‘ng‘iroq qilgan shaxs maʼlumotlari sirligi saqlanib qolishi va barcha beriladigan yordam ko‘rinishlari mutlaqo bepul ko‘rsatilishi alohida taʼkidlanib o‘tildi.
Insonlar boylik orttirish maqsadida o‘z yaqinlarini, qarindosh-urug‘larini, mahalla-kuyda yashab turgan mahalladoshlarini turlicha aldovlar bilan o‘zga mamlakatlarda yaxshi haq to‘lanadigan ishlarga joylab qo‘yishni vaʼda qilib noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqib ketib, sotib yuborayotganliklari juda ham achinarlidir. Bu jinoyat inson, uning shaʼni, qadr qimmati, osoyishta turmushi hamda uning kelajagiga tahdid solayotgan transmilliy uyushgan jinoyatchilik ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, o‘zining chegara tanlamasligi hamda girdobiga asosan yoshlarni va ayollarni tortayotganligi bilan barchada katta tashvish va havotir uyg‘otib kelmoqda.
Shu sababli insonlarda, ayniqsa chet elga yaxshi haq to‘lanadigan ishlarninig ketidan quvib ketayotgan, jinoyatchilarning quruq vaʼdalariga ishonib qolayotgan yurtdoshlarimizning huquqiy madaniyatini, ongini oshirish eng oliy maqsadimiz bo‘lib qolmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikdagi bu kabi manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlari uzviy ravishda davom etmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati