28 Fevral 2023 yil 609

Odil sudlov – insonparvarlik va adolat ustuni

Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi murojaatnomasida bu islohotlar izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.

Darhaqiqat, 2023 yil ham qonunchilikda sermahsul va samarali boshlandi. Izchil olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining davomi sifatida Prezidentimiz 16 yanvar kuni “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda  “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmonlarni imzoladi.

Farmonda tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilayotgani sud qarorlari qonuniy va adolatli qabul qilinganini tekshirishning qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratadi. Bu tartib amalga oshishi bilan odil sudlovga erishishning imkoniyatlari yana-da kengayib, aholining sudma-sud ovora bo‘lib yurishiga barham beriladi. Bunda birinchi instansiya sudining qaror yoki hukmidan norozi taraflar viloyat sudiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilib, ularning ham natijasidan qoniqmasa, ushbu ish mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi. Sud ishidan yana norozi bo‘lgan taqdirda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar taftish tartibida ko‘rib chiqqan ishlar Oliy sudning sudlov hayʼatlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi. Endi yuqori instansiya sudlariga yana-da katta masʼuliyat yuklanib, ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibining bekor qilinayotgani ham sud hujjatidan norozi shaxsning yuqori instansiyaga umid va ishonchini mustahkamlaydi.

         Davlatimiz rahbarining ushbu farmoni “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish, sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirish, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash bilan bir qatorda fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish imkonini beradi.

Inson qadr-qimmatini ulug‘lashga qaratilgan ushbu farmonlarda sudyalarning chinakam mustaqilligi taʼminlanishi, ularning ishiga har qanday aralashuv qatʼiy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi belgilangani ham sud-huquq islohotlarini yangi va sifatli bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Eng asosiysi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning huquqiy kafolatlari yana-da kuchaytirilib, ish bo‘yicha barcha xolatlar sud tomonidan har tomonlama va to‘liq tekshirilishi, dalillarga xolisona baho berilishi, huquq-tartibot idoralarining tamomila yangicha ishlashi va xalqimizning sudlarga bo‘lgan qatʼiy ishonchini oshirishda muhim o‘rin tutadi.  

“Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da qabul qilingan mazkur hujjatlar sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirmoqda. Sudga hurmatsizlik qilish va sud ishiga aralashish xolatlarining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqish mezonlarini belgilab bermoqda. Sud qarorlarining qatʼiy ijrosini taʼminlashda davlat organlari va mahalliy hokimliklarning masʼuliyati oshirilib, xalqimizning odil sud va davlatdan rozi bo‘lishiga eʼtibor kuchaytirilmoqda.

 

Urganch tumanlararo maʼmuriy

sudining sudyasi                                                                

Sardorbek  Allabergenov  

Text to speech