8 Noyabr 2021 yil 822

Oylik doirasida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida giyohfurushlar fosh etildi

Noyabr oyi mamlakatimizda “Tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, shuningdek kuchli taʼsir qiluvchi moddalar bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish oyligi” deb eʼlon qilinib, mazkur oylik doirasida ichki ishlar organlari tomonidan bir qator tezkor-profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 2 noyabr kuni Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda giyohfurushlik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning qilmishi fosh etildi. Jumladan, 1981 yilda tug‘ilgan, Urganch shahrida yashovchi, ilgari ham giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish jinoyatini sodir qilganligi uchun sudlangan,  Q.Q. Urganch shahri hududida bir bo‘lak “opiy” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 900 000 so‘mga sotayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Shundan keyin uning jinoiy sherigi, Xiva shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan, M.M.ning uyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, u o‘z uyida “opiy”, “marixuna”, “kannabis” kabi giyohvandlik vositalarini saqlab kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek, viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan Urganch shahrida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir davomida ham giyohfurushlik bilan bog‘liq navbatdagi jinoyat fosh etildi. Qog‘oz o‘rami ichida bo‘lgan “marixuna” giyohvandlik vositasini, qonunga xilof ekanligini bila turib, 500 000 so‘mga sotayotgan, 1977 yilda tug‘ilgan, Urganch shahrida yashovchi, F.O. ham jinoyat ustida tezkor xodimlar tomonidan qo‘lga olindi, shundan keyin davom etgan tezkor tadbir natijasida, Urganch shahrida yashovchi, 1965 yilda tug‘ilgan, Yu.M.ning uyida xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazildi. Ushbu xonadondan kelgusida o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qog‘oz bo‘laklariga alohida-alohida qilib qadoqlangan holda saqlab kelingan “marixuna” giyohvandlik vositalari xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Mazkur xolatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech