Olis hududlarda osoyishtalik
Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoatchilik bilan aloqalarni yana-da mustahkamlashdan iboratdir. Ayni kunda bu boradagi ishlar keng jamoatchilik vakillari bilan hamjihatlikda samarali davom etmoqda.
Tuproqqalʼa tumanining tashkil etilganiga ikki yildan oshdi. O‘tgan qisqa davr ichida bu yerda keng ko‘lamdagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ko‘plab maʼmuriy binolar, madaniy-maishiy obyektlar, taʼlim va sog‘liqni saqlash muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari bunyod etildi va ishga tushirildi. Eng muhimi, davlat idoralari bilan aholi o‘rtasidagi munosabatlarda ochiqlik, shaffoflik, do‘stona muhit yaratildi.
-Ichki ishlar organlarining mahalla faollari bilan hamkorligini samarali hamda tizimli tashkil etish, fuqarolarning murojaatlari, taklif va istaklarini tinglash va ijobiy hal etish, o‘rganishlar jarayonida aniqlangan muammolarga o‘z vaqtida yechim topish kundalik xizmat jarayonlarimizning asosini tashkil etadi,-deydi Tuproqqala tumani IIB boshlig‘i, mayor Ixtiyor Allaberganov.-Keng jamoatchilik bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan “Mahallabay”, “Xonadonbay”, “Fuqarobay” tamoyili asosidagi o‘rganishlarda har qanday ko‘rinishdagi huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, mahallalarda istiqomad qiluvchi fuqarolarning turmush tarzi, yashash sharoiti, oilaviy ahvolini o‘rganish, ish bilan taʼminlash, muammolariga yechim topish, tadbirkorlikka jalb etish masalalari ijobiy hal etilmoqda.
Ichki ishlar bo‘limida xodimlarning samarali xizmat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bo‘lim binosi zamonaviy uslubda taʼmirdan chiqarilgan bo‘lib, mebel jihozlari, aloqa vositalari hamda kompyuter texnikalari bilan taʼminlangan. Navbatchilik qismi, tergov, jinoyat qidiruv, profilaktika, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga eng tajribali xodimlar jalb qilingan bo‘lib, ularning xushyorligi tufayli jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinmoqda.
Tuman hududida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda jinoyat hamda huquqbuzarliklarning sodir bo‘lish sabablari, ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar, huquqbuzarning shaxsi va uni jinoyatga undagan holatlar puxta o‘rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilyapti. Shuningdek, mahallalarda yashovchi muqaddam sudlangan, spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan shaxslar, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan hamda notinch oilalarning ro‘yxatlari shakllantirilib, bu yo‘nalishdagi vazifalar alohida tahlil qilinmoqda. Ayniqsa, hududlarda sodir qilingan va shu kungacha fosh qilinmasdan kelinayotgan jinoyatlar hamda qidiruvda bo‘lgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar kayta ko‘rib chiqilib, jazo muqarrarligini taʼminlash bo‘yicha tizimli ishlar tashkil qilindi. Amalga oshirilgan bunday keng ko‘lamdagi saʼy-harakatlar natijasida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tuman hududida barcha sohalar bo‘yicha qayd qilingan jinoyatlar 7,9 foizga kamaydi. Ushbu raqamlarni mahallalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, tuman hududida joylashgan 18 ta mahallaning 4 tasida jinoyat sodir etilmadi. Bu raqamlarni ijobiy ko‘rsatgich sifatida qarab bo‘lmaydi.
-Sodir etilgan bitta jinoyat ham osoyishtalikka jiddiy xavf solishi mumkin,-deydi tuman IIBning tashkiliy bo‘linmasi boshlig‘i, mayor Azamjon Rajabov.-Shu bois, tumanning barcha mahallalarida jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ishlarni yana-da jadallashtirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, bu borada jamoat uyushmalari bilan hamkorlikni tizimli ravishda tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Profilaktika inspektorlari tomonidan o‘zlari xizmat olib borayotgan mahallada istiqomat qilayotgan kam taʼminlangan hamda notinch oilalar, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir qilishga moyil bo‘lgan shaxslar, farzand tarbiyasiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi ota-onalar, uyushmagan yoshlarning ro‘yxatlari shakllantirilib, ushbu oilalarda mahalla faollari, taʼlim muassasalari, mehnat bo‘limi hamda boshqa jamoat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda manzilli profilaktik ishlar olib borilmoqda. Bundan asosiy maqsad, har bir mahallani jinoyatdan holi hududga aylantirishdir.
Tuman hududida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan baʼzi fuqarolar hamon qonun talablarini bajarmasdan jinoyatga qo‘l urishmoqda
Joriy yilning 15 aprel kuni viloyat IIB hamda tuman IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tumandagi “Sharlauq” mahallasi hududida harakatlanib borayotgan “Nexia” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganida avtomashina yo‘lovchisi hazorasplik A. F.ning cho‘ntagidan umumiy og‘irligi 0,15 gramm bo‘lgan “Geroin” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi va ashyoviy-dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.
Shu yilning 16 aprel kuni viloyat IIB va tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda to‘rtko‘llik F.A. shartli “xaridor” T.M.ga 0,65 gramm “Geroin” giyohvandlik vositasini 2 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy-dalillar bilan ushlandi.
-Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 1416 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlanib, qonunbuzarlar tegishli tartibda javobgarlikka tortildi,-deydi tuman IIB JXX HPB katta inspektori, katta leytenant Murodjon Axmedov.-Maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchi muqaddam sudlangan shaxslarning 25 nafariga aynan profilaktika inspektorlari tashabbusi bilan maʼmuriy nazorat o‘rnatildi. Jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan mayda bezorilik sodir qilgan 36 nafar huquqbuzarlar maʼmuriy ishlar bo‘yicha tuman sudining qaroriga asosan maʼmuriy qamoqqa olindi. Spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan 3 nafar shaxs viloyat narkologiya dispanserining majburiy davolash bo‘limiga joylashtirildi. Shuningdek, mahallalar kesimida amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida qotillik, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, tovlamachilik, avtotransport vositasini olib qochish, bezorilik, o‘rtacha og‘ir va yengil tan jarohatlari yetkazish kabi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Firibgarlik 25 foizga, iqtisodiy jinoyatlar 40 foizga kamayishiga erishildi.
Tuman hududidagi barcha mahallalarda jamoatchilik nazorati maskanlari tashkil qilingan bo‘lib, bu yerda tashabbuskor yoshlardan iborat tungi navbatchilik guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu fidoyi yoshlarning xushyorligi tufayli 210 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, qonunbuzarlar tegishli tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, mahallalar hududining odamlar gavjum joylariga, korxona, tashkilot, muassasa hamda savdo shahobchalariga videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi va bu boradagi ishlar samarali davom etmoqda.
Tuman IIB boshlig‘i, mayor Ixtiyor Allaberganov rahbarligidagi 3-sektor hududida 6 ta mahalla mavjud bo‘lib, u yerda 15.630 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida sektor hududi “Mahallabay”, “Xonadonbay” “Fuqarobay” kesimida to‘la o‘rganib chiqilib, aniqlangan muammo va kamchiliklar “Yo‘l xaritasi”ga kiritildi. Shuningdek, hamkor tashkilotlar masʼullari ishtirokida 24 marotaba sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolarning fikrlari, taklif va istaklari tinglandi. Mavjud murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etildi. O‘rganish talab qiladigan murojaatlar tegishli idoralarga yuborildi va ijrosi nazoratga olindi.
Sektor hududidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarga amaliy yordam ko‘rsatish, fuqarolarni ish bilan taʼminlash va tadbirkorlikka jalb etish, yo‘l va ko‘priklarni taʼmirlash, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, baliqchilik, asalarichilik kabi qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini islohotlar talablari darajasida rivojlantirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarning turmush tarzidagi mavjud muammolarga yechim topish, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktik tadbirlarning samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xotin-qizlar qo‘mitalari, yoshlar tashkiloti hamda tegishli idoralar bilan hamjihatlikda aniq va tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” bo‘yicha amalga oshirilayotgan vazifalar har oy yakuni bo‘yicha sarhisob qilinib, kelgusidagi rejalar belgilab olinmoqda. Keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikdagi ishlar samarali tashkil etilayotgani bois, “Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan barcha rejalar o‘z muddatida bajarilishiga erishilmoqda.
Viloyatning eng chekka hududi hisoblangan Tuproqqalʼada amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamdagi saʼy-harakatlar natijasida yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlanmoqda. Ko‘plab jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinyapti.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.