8 Mart 2024 yil 4672

Osoyishtalik malikalari

Mamlakatimizda xotin-qizlarning turmush tarzini yaxshilash, salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunday imkoniyatlardan ruhlangan ayollarimiz yangi O‘zbekistonni barpo etishdek muhim jarayonlarda yana-da faol ishtirok etib, zimmalaridagi vazifalarni sidqidildan bajarishyapti. Ular orasida xalq osoyishtaligini taʼminlashdek g‘oyat sharafli vazifani g‘ayrat-shijoat bilan uddalayotgan xotin-qizlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu nozik xilqat egalari jamoat xavfsizligini taʼminlash, turli ko‘rinishdagi jinoyat hamda huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda erkaklar bilan yonma-yon turib kechayu-kunduz fidoyilik bilan xizmat qilishmoqda. Shuningdek, ular ichki ishlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan turli ko‘rik-tanlovlarda, sport musobaqalarida, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ham faol ishtirok etib, sovrindorlar safidan munosib joy olishyapti. Qalbida Vatan mehri jo‘sh urgan bunday mard va jasur To‘maris izdoshlari Xorazmda ham talaygina. Viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan podpolkovniklar Dilnoza Bog‘ibekova, Sayyora Allaberganova, Gulnoza Gulyamova, Yulduz Hamdamova, Liliya Zalilova, mayorlar Nargiza Bekchanova, Dildora Saparova, Yulduz Kazakova, kapitanlar Sevara Xudoyberganova, Zubayda Axmedova, Nasiba Abdullayeva, Malika Matniyozova, serjantlar Nigora Nurmetova, Fazilat Zargarova, Surayyo Jumaniyozova, Tibbiyot xizmatidan podpolkovnik Nargiza Qurbonova, hamshiralar Mehribon Qalandarova, Nigora Raximova, Guliraʼno Primbetova, Gulbahor Qlicheva singari ko‘plab yurtimizning fidoyi ayollarini faxr va iftixor bilan tilga olishimiz mumkin. Ular osoyishtaligimizning xushyor va dovyurak posbonlari, yoshlarimizning mehribon va dono murabbiylari, oilaning oqila va zukko tarbiyachilaridir. Bunday go‘zal fazilatlarga ega bo‘lgan matonatli ayollarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.

 Sevimli shoirimiz Begi Do‘stning ushbu satrlari Sizga berilgan yuksak eʼtirofning yorqin namunasidir.

 

Alp yigitlar bilan birgasiz,

Mashg‘ulotda dala, qirdasiz,

Aniq urar mergan “Tir”da Siz,

Jasoratli posbon ayollar,

Latofatli janon ayollar.

 

El osuda, shirin uyquda,

Orom olib yotganda tunda,

Xizmatdasiz qorda, quyunda,

Matonatli posbon ayollar,

Diyonatli posbon ayollar.

 

 Bayramingiz muborak bo‘lsin, osoyishtaligimiz malikalari.

 

                                                                           Xudoybergan JABBOROV,

“Postda”muxbiri

Text to speech