Otaliqqa olingan yoshlar doimo eʼtiborimizda
Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bilan 16 mart kuni bir qator madaniy-maʼrifiy tadbirlar hamda sport musobaqalari o‘tkazildi.
Tadbirga viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan otaliqqa olingan 2350 nafar yoshlar taklif etildi.
Ishtirokchi yoshlar dastlab Xorazm viloyati IIB tashabbusi bilan Urganch tumanida tashkil etilgan “Vatanparvarlik bog‘i”da bo‘ldilar. Bog‘ning o‘ziga xos dizayni va unda o‘rnatilgan ko‘rgazmali eksponatlar, tarixiy hodisalar hamda buyuk ajdodlarimiz to‘g‘risidagi maʼlumotlar yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan keyin avtobuslar karvoni Urganch shahri tomon yo‘l oldi. Asosiy madaniy-maʼrifiy tadbirlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Yoshlik” sport kompleksiga yetmasdan avtobuslardan tushgan shijoatli yoshlar davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘targan holda shaxdam qadamlar bilan 2000 metr masofasini piyoda bosib o‘tdilar.
Ularni sport kompleksi oldida harbiy orkestr tantanavor musiqalar bilan kutib oldi. Shuningdek majmua oldida yoshlarga ichki ishlar organlarining maxsus avtomototransportlari, xizmat otlari, “Xorazm tajribasi” tariqasida joriy etilgan umumtaʼlim maktabining o‘quvchilaridan iborat “Ichki ishlar organlari yosh targ‘ibotchilari” guruhlari tanishtirildi.
Bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha tashkil etilgan mehnat yarmarkasi esa bir guruh yoshlarimizning o‘z mutaxassisligi va qiziqishi asosida ishga joylashishida muhim rol o‘ynadi.
Shundan keyin sport majmuasida tadbirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Xorazm viloyati IIB rahbariyati va hamkor tashkilotlarning masʼul xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olgan viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari mazkur uchrashuv bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlikning amaliy natijasi ekanligini taʼkidlab, musobaqaga start berdi.
Ishtirokchi yoshlar shu yerda sportning “Mini futbol”, “Voleybol”, “Arqon tortish”, “Stol tennisi”, “Shashka”, “Shaxmat”, “Milliy kurash”, “Armrestling” turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashgan bo‘lsalar, “Zakovat” intellektual o‘yinida bilim va zukkoliklarini sinovdan o‘tkazdilar.
Tadbirlar jarayonida ishtirokchilarning vaqtini maroqli o‘tkazish va ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida sovrinli viktorina o‘yinlari tashkil etilib, faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, boshqarma tezkor harakatlanuvchi bo‘linmasi va IIV Xorazm akademik litseyi o‘quvchilarining ko‘rgazmali chiqishlari esa barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbir yakunida musobaqa g‘oliblarini taqdirlash jarayoni bo‘lib o‘tdi.
G‘oliblarga diplom, medal, kubok va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bundan tashqari ichki ishlar organlari tomonidan otaliqqa olingan bir guruh yoshlarga oliy taʼlim muassasalarida o‘qish uchun to‘lov-kontrakt summalarini qoplab berishga oid sertifikatlar, yana bir guruh yoshlarga sport kiyimlari topshirildi.
Deyarli bir kun davomida bo‘lib o‘tgan ushbu madaniy-maʼrifiy tadbirlar va sport musobaqalari yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish bilan birgalikda, o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yana-da mustahkamladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati