“Payshanba - huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”da talabalar bilan targ‘ibot uchrashuvi o‘tkazildi
16 fevral kuni Xorazm viloyatida “Payshanba – huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan profilaktik yo‘nalishdagi turli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, Urganch davlat universitetida bo‘lib o‘tgan targ‘ibot uchrashuvida ishtirok etgan viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, kapitan S.Xudayberganova, bevosita shu universitetda faoliyat olib boruvchi profilaktika inspektori leytenant D.Sapayev va viloyat Narkologiya dispanseri shifokor-narkologi tomonidan talabalar eʼtiboriga “Biz giyohvandlikka qarshimiz”, “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak”, “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” kabi mavzularda huquqiy tushuntirish berildi.
Shuningdek kapitan S.Xudayberganova ishtirokchilarga Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 19 yanvardagi 21-son qarori bilan tasdiqlangan “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlarining faoliyati, ularni shakllantirish hamda guruhning faol aʼzolari bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berib o‘tdi.
Targ‘ibot uchrashuvida ishtirok etgan talabalar ayni kunda davom etayotgan “Yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish” tezkor-profilaktik tadbirini qo‘llab-quvvatlashlarini, o‘z tengdoshlarini ushbu illatdan qaytarishda faol bo‘lishlarini bildirdilar.
Targ‘ibot uchrashuvi davomida, giyohvandlikning salbiy oqibatlari aks etgan va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid videofilmlar namoyish etildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati