Pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashish murosasiz davom etadi
Sir emaski, yangi yil bayrami arafasida pirotexnika buyumlarining savdosi ortib ketadi. Shu bilan birgalikda ishlab chiqaruvchisi nomaʼlum va sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan, turli aylanma yo‘llar bilan mamlakatimizga qonunga xilof ravishda olib kirilgan pirotexnika buyumlaridan foydalanish vaqtida ko‘plab yurtdoshlarimiz turli darajada jarohatlanayotgani ham barchaga maʼlum.
Shu bois, ayni kunlarda Xorazm viloyati IIB xodimlari tomonidan pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Joriy yilda “paqqildoqlar mavsumi” boshlanganidan buyon viloyatimizda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 57 ta shunday turdagi huquqbuzarlik aniqlanib, huquqbuzar shaxslardan ashyoviy dalil tariqasida olingan pirotexnika buyumlari belgilangan tartibda, xavfsiz usulda yo‘q qilindi.
4 dekabr kuni profilaktika inspektori va YHXB yo‘l-patrul xizmati inspektori tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan shug‘ullanayotgan shaxslarning qilmishiga chek qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185-1-moddasida pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazganlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solish jazosi nazarda tutilgan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati