Profilaktik suhbatlar huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan
Xorazm viloyatida huquqbuzarligi uchun maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarning barchasi bilan viloyat IIB rahbariyati va maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona boshlig‘i tomonidan qatʼiy tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur muassasaga xotin-qizlar keltirilgan holatlarda esa, ular bilan qatʼiy tarzda viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha masʼul xodimalari profilaktik suhbat o‘tkazadilar.
O‘tgan xaftada ijtimoiy tarmoqlarda Shovot tumanida bir necha xotin-qizlarning o‘zaro janjallashgani aks etgan videolavha shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Ushbu holatga ichki ishlar organlari tomonidan zudlik bilan aniqlik kiritildi va surishtiruv ishlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborildi.
Huquqbuzarlikka qo‘l urgan ayollarning qilmishi Shovot tumani maʼmuriy sudi tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilib, ularga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tashligi uchun 16 noyabr kuni maxsus qabulxonaga keltirilgan ushbu xotin-qizlar bilan viloyat IIB HPB boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari mayor D.Bog‘ibekova profilaktik suhbat o‘tkazib, ularga sodir etgan huquqbuzarliklari va tayinlangan jazoning mohiyatini batafsil tushuntirdi.
Shuningdek shu kuni maxsus qabulxonada saqlayotgan erkaklar bilan viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik S.Rahimov profilaktik suhbat o‘tkazdi. Bunda har bir huquqbuzarning qilmishi va turmush tarzi batafsil o‘rganilib, kelgusida ular tomonidan qayta huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olish maqsadida zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati