1 Noyabr 2022 yil 561

Profilaktika xizmati: “Ahillik”dagi hamkorlik  

Yurtimizdagi har bir mahallada aholi xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari keng jamoatchilik vakillari ishtirokida samarali davom etmoqda.

Xonqa tumanidagi “Ahillik” mahallasi hududdagi mavjud 357 ta xonadonda 2440 nafardan ziyod aholi istiqomad qiladi. Mahallada kichik korxonalar, savdo shahobchalari, madaniy-maishiy maskanlar faoliyati yildan yilga kengayib borayapti. Natijada aholini ish bilan taʼminlash masalalari ijobiy hal etilmoqda. Iqtisodiy jihatdan o‘sish kuzatilayotgan ushbu hududda aholi tinchligini taʼminlashdek muhim vazifalar ham mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bunda profilaktika inspektori, kapitan Dilshodbek Ilxomov, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Guliston Ollaberganova, faollardan Mehribon Karimova, Sanamjon Ro‘zmetova, Baxtiyor Nurmetov, Bozorboy Muratov, Sanobar Hayitovalarning hissasi samarali bo‘lyapti. Ular mahallaning tinch va obod maskanga aylanishida o‘zlarining munosib hissasini qo‘shishmoqda.   

Mahallada yil boshidan ishsiz fuqarolarni ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda mahalla hududiga yaqin joydagi korxona va tashkilotlar, xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqildi. Ishchi kuchiga ehtiyoji bor bo‘lgan korxona va tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilib, fuqarolarning mutaxassisligi hamda kasbiy mahoratini inobatga olgan holda ishga joylashtirish choralari ko‘rildi. Hamkorlikdagi bunday saʼy-harakatlardan ish beruvchi ham, ishga kiruvchi fuqarolar ham birdek xursand bo‘lishdi.

-Mahallamizda tuman madaniyat bo‘limiga qarashli “Namuna” madaniyat markazi filiali tashkil etilgan,-deydi markaz rahbari Quvondiq Abdullayev.-Mazkur markazda ashula, doira hamda tikuvchilik yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu to‘garaklarda “Ahillik”, “Namuna” hamda “Amudaryo” mahallalarida istiqomad qilayotgan 60 nafardan ziyod maktab o‘quvchilari ishtirok etishyapti. Shuningdek, mahallada ko‘zi ojiz fuqarolar uchun kutubxona ham tashkil etilgan bo‘lib, ushbu ziyo maskani nogironligi bo‘lgan shaxslarga mo‘ljallangan adabiyotlar bilan taʼminlangan.

“Obod mahalla” davlat dasturi doirasida mahalladagi muammolarni aniqlash hamda ijobiy hal etishga tegishli tashkilotlar vakillari jalb qilindi. O‘rganishlar natijasida yo‘llarni taʼmirlash, piyodalar yo‘lakchalarini barpo etish, aholini ichimlik suvi hamda tabiiy gaz bilan taʼminlash, eski simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish, ko‘chalarga yoritgichlar o‘rnatish kabi muammolar aniqlandi va bu boradagi ishlar dastur doirasida amalga oshirilmoqda.

Mahalla hududida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. “Xonadonbay”, “Fuqarobay” ishlash tizimida aholining turmush tarzini o‘rganish jarayonida ehtiyojmand, nizoli oilalarni, ishsiz fuqarolarni, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, jinoyat sodir qilishga moyil bo‘lgan va boshqa toifadagi shaxslarni aniqlab, ular bilan profilaktik suhbatlar olib borilmoqda. Shuningdek, ularni ish bilan taʼminlash, imtiyozli bank kreditlari ajratish orqali tadbirkorlikka jalb qilish choralari ko‘rilyapti. Hamkorlikdagi bunday saʼy-harakatlar natijasida ularning turmush tarzida paydo bo‘layotgan muammolar ijobiy hal qilinib, ijtimoiy foydali mehnat jarayonlaridagi ishtiroki taʼminlanmoqda.

   -O‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda asosiy eʼtibor huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan,-deydi profilaktika inspektori, kapitan Dilshodbek Ilxomov.-Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mayda bezorilik, jamoat joylarida spirtli ichimlik isteʼmol qilish, pasport tizimi qoidalarini buzish, sanitariya-gigiyena kabi huquqbuzarliklar sodir etgan 141 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Fuqarolar tomonidan bildirilgan 128 ta ariza va shikoyatlar o‘z muddatida ijobiy hal etildi. Muqaddam sudlangan shaxslarning 4 nafariga maʼmuriy nazorat o‘rnatildi. Jinoyat sodir qilishga moyil bo‘lgan 5 nafar shaxs profilaktik hisobga olinib, ular bilan muntazam ravishda suhbatlar olib borilmoqda. Shuningdek, mahalla faollari bilan hamkorlikdagi profilaktik tadbirlar natijasida 2 ta notinch oilada ijobiy muhit yaratildi. Spirtli ichimlik isteʼmol qilishga moyil bo‘lgan 3 nafar fuqaroning hayot tarzida ham barqarorlik taʼminlandi. Muqaddam sudlangan shaxslarning barchasi ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida mahalla hududida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

   “Ahillik”dagi bunday hamkorlik mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi rivojlanishida, aholining farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

                                                                           Xudoybergan JABBOROV,

                                                                                 “Postda” muxbiri.

Text to speech