Profilaktika inspektorlariga uslubiy yordam ko‘rsatilmoqda
Ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari o‘zlarining kundalik xizmat faoliyatini bevosita aholi orasida olib borishadi.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan 2017 yilda profilaktika inspektorlari uchun o‘zlari xizmat olib borayotgan mahalla hududida xizmat uylarining qurib foydalanishga topshirilganligi esa profilaktika inspektorlarini aholi bilan yana-da yaqinlashtirdi, taʼbir joiz bo‘lsa ular endilikda mahallaning ichki ishlar organlaridagi vakiliga aylanishgan.
Xorazm viloyati IIB boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan reja-topshiriqqa asosan viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktika boshqarmasi masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, viloyatdagi barcha profilaktika (katta) inspektorlarining xizmat faoliyati o‘rganilib, ularga uslubiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Bunda asosiy eʼtibor profilaktika (katta) inspektorlarining xizmat olib borishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda ularning ish yurituvida bo‘lgan hujjatlarning qonuniyligi o‘rganilib, normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlashdagi ko‘nikmalari oshirilmoqda.
Shuningdek profilaktika (katta) inspektorlarining xizmat uyidan foydalanishi, shu bilan birgalikda oilaviy sharoiti ham ishchi guruh tomonidan atroflicha o‘rganilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ushbu chora-tabdirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad jinoyatlarni jilovlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda mahallabay tizimini samarali yo‘lga qo‘yish, har bir fuqaroda “mening mahallamda jinoyat bo‘lmasligi kerak” degan ezgu g‘oyani shakllantirishdan iboratdir.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati