Profilaktika sohasidagi hamkorlik
Ayni kunlarda Xorazm viloyatida ichki ishlar organlaridagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar va Milliy gvardiya safida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi ayollar o‘rtasida sohaviy hamkorlik samarali yo‘lga qo‘yilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xususan, bugun yuqoridagi ikki hamkor soha vakilalari Urganch shahrida aholi, ayniqsa xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirdilar.
Jumladan, bugungi kunning dolzarb muammolari bo‘lgan koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga oid tartib-qoidalar, shuningdek firibgarlik, o‘g‘irlik, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning qurboni bo‘lishni oldini olish, bu turdagi jinoyatlar uchun qonunda nazarda tutilgan javobgarliklar yuzasidan Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali bukletlar targ‘ibot tadbirlari davomida aholiga tarqatildi.
Ushbu targ‘ibot va tashviqot tadbirlari karantin qoidalariga rioya qilgan holda viloyatning boshqa shahar va tumanlarida davom ettirilishi belgilab olindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati