Qaror mazmun mohiyatini puxta o‘rganish va faoliyatga tatbiq etish hayotiy zaruratdir
Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati masʼul xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yana-da yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-10-sonli Qarorining mazmun-mohiyatini puxta o‘rganish va xizmat faoliyatiga tatbiq etishga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni olib borgan Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik A.Imyaminov mazkur qaror Yangi O‘zbekistonning yangi ichki ishlar organlarini shakllantirish borasida qabul qilingan eng muhim qarorlardan biri ekanligini taʼkidlab, ushbu qarorni barcha shaxsiy tarkib puxta o‘zlashtirib olishi, shu bilan birgalikda o‘z faoliyatlarini amalga oshirishda mazkur qarorga so‘zsiz rioya qilishlari lozimligini uqtirib o‘tdi.
Yig‘ilishda qarorni shaxsiy tarkib va keng jamoatchilik eʼtiboriga to‘liq va to‘g‘ri yetkazish yuzasidan lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi”ni shaxsiy tarkibga qisqa muddatda sifatli o‘rgatish yuzasidan o‘quv dasturini ishlab chiqishda eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qarorning asosiy maqsadi ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, o‘zaro ishonch va hamjihatlik ruhida ishlashini taʼminlash, mahallalar, aholi turar joylari va butun yurtimizda qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalikni yana-da mustahkamlashdir.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati