28 Iyun 2020 yil 1246

Qasamyodiga sodiq edi

Harbiy xizmatdan qaytgan Jumanazar Rajapovni Urganch shahar IIB PPX rotasiga xizmatga qabul qilishdi. Orzusi ushalgan yigit yurtimiz tinchligini taʼminlashdek sharafli vazifada g‘ayrat-shijoat bilan xizmat qila boshladi. Shaharda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol qatnashdi. Sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishda, qidiruvdagi jinoyatchilarni qo‘lga olishda hamkasblariga namuna bo‘ldi.

 ...1991 yilning 20 avgust kuni. Serjant Jumanazar Rajapov Urganch dehqon bozori hududida har doimgiday jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xizmat vazifasini o‘tayotgandi. Dehqon bozori odamlar bilan gavjum. Turli meva va sabzavotlarni peshtaxtalarga did bilan joylab qo‘yayotgan sotuvchilarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Xaridorlar ham bozorlarimizning to‘kinligidan mamnun. Uzoqdan nazar tashlaganda, bozor hududi osoyishtadek tuyuladi. Ammo sinchkovlik bilan ko‘z tashlagan kishi tinch-osuda hayotimizga raxna soluvchi ayrim nopok kimsalar ham borligiga amin bo‘ladi. Buni kundalik tashvishlari bilan ovora bo‘lib yurgan fuqarolardan ko‘ra ichki ishlar organlari xodimlari tez payqashadi. Bugun ham shunday bo‘ldi. Hamkasblari bilan bozor hududini aylanib yurgan serjant Jumanazar Rajapov sotuvchilardan pul undirib yurgan yigitga ko‘zi tushdi. Bu nopok kimsa haqida avval ham eshitgandi-yu, ammo uni hech uchratmagandi. Jumanazar shu zaxotiyoq uni hududdagi militsiya tayanch punktiga olib keldi.

Profilaktika inspektori hamda PPX va JTSB militsionerlari katta serjant Otabek Rahimov va serjant Arslon Sobirov u bilan bafurja suhbatlashishdi. Shundan so‘ng bu kimsaning shaxsi maʼlum bo‘ldi. U muqaddam sudlangan urganchlik I.Rustam edi. Tekinxo‘rlik bilan kun ko‘rishga o‘rgangan bu kimsa boshqa viloyatlardan bozorga mahsulot olib kelgan sotuvchilarni qo‘rqitib, pul undirish bilan shug‘ullanardi. Biroq qilmish bo‘yicha aniq isbot-dalil bo‘lmaganligi sababli, unga bu xatti-harakati jinoyat ekanligini tushuntirib, tanbeh berish bilan kifoyalanishdi. Osoyishtalik posbonining so‘zlarini diqqat bilan tinglagan Rustam sipolik bilan aybini tan oldi va boshqa bunday qilmaslikka so‘z berib, chiqib ketdi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay militsiya tayanch punktiga “Bolalar dunyosi” do‘koni oldida bir necha kishi janjallashayotgani haqida xabar qilishdi. Katta serjant Otabek Rahimov va serjant Arslon Sobirov voqea joyiga shoshildi. Jumanazar esa bozor hududini nazorat qilishni davom ettirdi. Shu payt kimdir orqasidan kelib, unga pichoq sanchdi. Jumanazar kutilmagan bu zarbdan azoyi badani zirqirab ketsa-da. jinoyatchiga o‘girildi. Qarshisida xozirgina qilmishidan pushaymon bo‘lib, kechirim so‘ragan. Rustam bezraygancha turardi. Jumanazar bor kuchini yig‘ib, unga tashlanmoqchi bo‘ldi-yu, holsizlanganicha yerga yiqildi. Alamzada qotil tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Og‘ir tan jarohati olgan serjant Jumanazar Rajapov shu yerning o‘zida dunyodan ko‘z yumdi.

Zudlik bilan jinoyatchini qo‘lga olish bo‘yicha qidiruv eʼlon qilindi. Olib borilgan tezkor saʼy-harakatlar natijasida I.Rustam qo‘lga olindi va qilmishiga yarasha jinoiy javobgarlikka tortildi. Ammo hayotini yurt tinchligi, xalq osoyishtaligini taʼminlashga baxsh etgan fidoyi xodim bevaqt hayotdan ko‘z yumdi.

...Mudhish voqeadan xabar topgan Jumanazar Rajapovning turmush o‘rtog‘i Gavharjon hushidan ketdi. Ne-ne orzu-umidlar bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan turmush o‘rtog‘ining fojiali o‘limidan uzoq vaqtgacha o‘ziga kelolmadi. Biroq hayot ko‘ziga qorong‘u ko‘rinsa-da, farzandlari uchun yashashga majbur edi. Tunni kunga ulab, ularni mehr bilan tarbiyaladi. Ilm olishga bo‘lgan mehrini oshirdi. Otasidek mard va jasur insonlar bo‘lib, yurtga sadoqat bilan xizmat qilishga undadi.

Farzand kamolini ko‘rishdanda baxtli onlar bormikin dunyoda, — deydi Gavharjon opa nevarasi Jahongirni bag‘riga bosib. — Mana, katta qizim Bikajon nevarali bo‘ldi. O‘g‘lim Ruslan harbiy qismda xizmat qiladi. Temur oliygohni tugallab, sevgan kasbi bo‘yicha ishlayapti. Jasur esa oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xullas, ularning har biri jamiyatda o‘z o‘rnini topib, ongli, teran fikrli yoshlar bo‘lib voyaga yetishdi. Bundan nihoyatda baxtiyorman. Ammo turmush o‘rtog‘im ularning kamolini ko‘rolmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995 yil 9 noyabrdagi farmoniga muvofiq, marhum serjant Jumanazar Rajapov “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Xorazm viloyati hokimining qarori bilan Yangibozor tumanining Uyg‘ur qishlog‘idagi ko‘chalardan biriga uning nomi berildi.

“Qalqon” jurnali

Text to speech