Qo‘mondon o‘rinbosarining harbiylar bilan uchrashuvi samimiylik va o‘zaro ishonch ruhida bo‘lib o‘tdi
Mamlakat xavfsizligini taʼminlash borasida harbiylar zimmasiga juda katta masʼuliyat yuklatilgan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qo‘shinlari ham mamlakatimiz “havo darvozalari” hisoblanuvchi xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash borasida o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Qo‘mondonlik masʼul rahbarlarining tez-tez harbiy qismlarda xizmat safari yuzasidan bo‘lib turishlari esa faoliyatni to‘g‘ri tashkil etish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha qo‘shinlari Qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik N.Pirmamatov 2022 yilning 18 yanvar kuni mazkur qo‘shinga qarashli “Urganch” alohida batalyonida bo‘lib, harbiy xizmatchilar orasida xizmat intizomini yana-da mustahkamlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida yig‘ilish o‘tkazdi.
Qo‘mondon o‘rinbosari va harbiylar o‘rtasidagi mazkur uchrashuv samimiylik va o‘zaro ishonch asosida tashkil etilganligi bois, harbiy xizmatchilar o‘zlarining barcha savollariga batafsil javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek yig‘ilish ishtirokchilariga xizmat joyi va yashash xonadonlarida is gazidan zaharlanishning oldini olishga qaratilgan profilaktik tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari polkovnik N.Pirmamatov “Urganch” alohida batalyonida harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yaqindan o‘rganish maqsadida, batalyondagi xizmat xonalari, kutubxona, maʼnaviyat-maʼrifat xonasi, maishiy xizmat xonalarini ko‘zdan kechirib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berdi. Shu bilan birgalikda batalyonda tashkil etilgan “Amir Temur” va “Jaloladdin Manguberdi” xonalari hamda Vatanparvarlik burchagining harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi o‘rni beqiyos ekanligini taʼkidlab, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish lozimligini bildirdi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati