Qonun loyihasi yuzasidan deputat ichki ishlar organlari xodimlari bilan o‘zaro fikr almashdi
Jamiyat rivojlanishda davom etar ekan uning faoliyatini tartibga solib turgan normativ-huquqiy xujjatlarni ham takomillashtirib borish lozim bo‘ladi.
Bu borada esa har qanday normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishdan oldin keng jamoatchilik bilan, xususan, xizmat faoliyati bevosita qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjat bilan bog‘liq bo‘lgan masʼul shaxslar bilan fikr almashish, yangi normalarning kelgusida jamiyat ravnaqi uchun yana-da samarali xizmat qilishini taʼminlaydi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi aʼzosi Nigora Qutlimuratovaning Xorazm viloyati IIB Patrul-post xizmati batalyoni shaxsiy tarkibi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv jarayonida deputat bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsiz masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutayotgan Qonun loyihasi to‘g‘risida axborot berib, bu yuzasidan patrul-post xizmati xodimlarining fikr-mulohazalarini tingladi.
Qonunchilikka kiritilishi ko‘zda tutilgan yangi norma kelgusida PPX faoliyatiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish orqali avvalo fuqarolarning huquq va manfaatlarining ishonchli himoya qilishga erishish bilan birgalikda PPX xodimlarining xizmat samaradorligini oshirish imkoniyati yaratishi borasida deputat va yig‘ilish ishtirokchilari o‘zaro hamfikr ekanliklarini taʼkidlab o‘tdilar.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati