11 May 2022 yil 571

Qonunga xilof xatti-harakatini qonunga xilof ravishda bartaraf etmoqchi bo‘ldi

Dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan global muammolardan biri bu giyohvandlik vositalaridir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Shu bois mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish kuchaytirilgan tarzda olib borilmoqda.

Xususan, 2022-yil 1-may kuni “Qoradori-2022” tezkor-profilaktik tadbirining birinchi bosqichi boshlangan bo‘lib, Xorazm viloyati IIB tomonidan mazkur profilaktik tadbir doirasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,  7-may kuni Xorazm viloyati IIB xodimlari tomonidan Urganch shahrida yashovchi, 1975-yilda tug‘ilgan, M.M. ning uyi ko‘zdan kechirilganida, u uyining tomorqasiga tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan 25 tup “kannabis” o‘simligini ekib, yetishtirib kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Shundan keyin uning uyi va yordamchi xo‘jaliklarida o‘tkazilgan tintuv jarayonida, uyining oshxonasida shisha banka ichida, kelgusida o‘tkazish maqsadida bir kilogrammdan ortiq “marixuana” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotganligi aniqlandi.

Xolat xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib, giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil tariqasida olingach, xonadon sohibi o‘zining qonunga xilof bo‘lgan ushbu xatti-harakatining huquqiy oqibatini anglab yetishi bois, javobgarlikdan qutilib qolish choralarini izlashga tushdi va bu borada yana bir bor qonunga xilof bo‘lgan yo‘ldan borishga qaror qildi.

U hammasini “bosti-bosti” qilish uchun viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimiga 2 000 AQSH dollarini taklif qiladi. Xodim gumondorga bu xatti-harakatlari ham qonunga xilof ekanligini bir necha bor tushuntirishiga qaramasdan, u o‘z fikridan qaytmadi.

Shundan keyin tezkor xodimning bergan bildirgisiga asosan o‘tkazilgan tadbirda gumondor M.M. 1 500 AQSH dollarini tezkor xodimga pora tariqasida berayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shu tariqa o‘zining qonunga xilof qilmishi uchun javobgarlikdan  qonunga xilof ravishda qutilib qolishga uringan M.M. endilikda giyohvandlik vositalarini ekib, yetishtirish va uni o‘tkazish maqsadida saqlash bilan birgalikda pora berish jinoyati uchun ham javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi.

Albatta, shu o‘rinda tezkor xodimning o‘z kasbiga sadoqati va qasamyodiga sodiqligini eʼtirof etish aslo mubolag‘a bo‘lmasa kerak.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech