28 Avgust 2020 yil 1083

Qoradori-2020: Xorazm viloyatida olib borilayotgan tezkor chora-tadbirlar natijasi

Ayni kunlarda respublikamizda “Qoradori-2020” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Asosan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, o‘tkazish, shuningdek taqiqlangan ekinlarni, yaʼni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bilan bog‘liq holatlarni aniqlashga yo‘naltirilgan yuqoridagi tezkor-profilaktik tadbir Xorazm viloyatida ham keng qamrovda o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Yangibozor tumanida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan E.Yu. o‘z uyining bog‘ida 2 tup, Hazorasp tumanida yashovchi, 1953 yilda tug‘ilgan, S.E. o‘z uyining tomorqasida 4 tup, Urganch shahrida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan, F.R. o‘z uyining bog‘ida 2 tup, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan, A.A. o‘z uyining tomorqasida 5 tup va shu tumanda yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan, O.R. o‘z uyining tomorqasida 5 tup, Xiva tumanida yashovchi, 1962 yilda tug‘ilgan, Q.J. o‘z uyning tomorqasida 2 tup “kannabis” o‘simligini ekib, yetishtirib kelayotganliklari Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan joriy xafta davomida olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fosh etildi.

“Ajal urug‘i” hisoblanuvchi giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi va ularni ekib, yetishtirib kelgan yuqoridagi shaxslarning har biriga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Qoradori-2020” tezkor-profilaktik tadbiri sentyabr oyining oxiriga qadar davom etadi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech