18 Sentyabr 2021 yil 675

“Qoradori-2021”: Giyohvandlik bilan bog‘liq bir necha jinoyat fosh etildi

Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, o‘tkazish, shuningdek taqiqlangan ekinlarni, yaʼni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bilan bog‘liq holatlarni aniqlashga yo‘naltirilgan “Qoradori-2021” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi davomida Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq bir necha jinoyatlar fosh etilishiga erishildi. 

Jumladan,  Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan 2021 yil 9 sentyabr kuni o‘tkazilgan tadbir jarayonida 3 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini 1 500 000 so‘mga qonunga xilof ravishda o‘tkazishga uringan,  Urganch tumanida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan, R.Q. jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shuningdek, joriy yilning 11 sentyabr kuni Xiva shahar IIB xodimlari Xiva shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan, B.Sh. ning uyida giyohvandlik vositasini saqlashda gumonlanib, xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazish uchun borishganida, xonadon egasi 4 ta gururt qutisiga joylashtirilgan “marixuana” giyohvandlik vositasini o‘z ixtiyori bilan topshirdi. Shunday keyin, xonadonda tintuv o‘tkazgan xodimlar yana giyohvandlik vositalari va uni isteʼmol qilish uchun mo‘ljallangan vositalar borligini aniqlashdi.

O‘z uyida “kannabis” giyohvandlik vositasini gul tuvagiga ekib, parvarishlab kelayotgan, Xiva shahrida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan M.B. ning qonunga xilof xatti-harakati esa Xiva tumani IIB tezkor xodimlari va profilaktika inspektorining hushyorligi sababli fosh etildi.

Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Qoradori-2021” keng qamrovli profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi sentyabr oyining oxirida yakuniga yetsada, giyohvandlikka qarshi kurash uzluksiz davom etadi.

Shu bois kundalik hayotingizga giyohvandlik vositalari kirib kelishiga yo‘l qo‘ymang.

  Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech