“Qoradori-2021”: Giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etildi
Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, o‘tkazish, shuningdek taqiqlangan ekinlarni, yaʼni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bilan bog‘liq holatlarni aniqlashga yo‘naltirilgan “Qoradori-2021” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi davomida Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq bir necha jinoyatlar fosh etilishiga erishildi.
Jumladan, viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan 2021 yil 12 avgust kuni, Gurlan tumanida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan, Z.A.ning tomorqasi ko‘zdan kechirilganida, u 10 tup “kannabis” o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligi maʼlum bo‘ldi. Shuningdek Z.A. molxonasida saqlab kelayotgan, paketga solingan “marixuana” giyohvandlik vositasini ham tezkor xodimlarga topshirdi.
2021 yil 12 avgust kuni Bog‘ot tumani IIB xodimlari tumanning Yangi qadam mahallasida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan, F.X. ismli ayolning tomorqa yerini ko‘zdan kechirganlarida, u 3 tup “kannabis” o‘simligini qonunga xilof ravishda ekib, parvarishlab kelayotganiga guvox bo‘lishdi. Taqiqlangan ekinlar ashyoviy dalil sifatida belgilangan tartibda yig‘ishtirib olindi.
Xorazm viloyati IIB va DXX Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari bilan 2021 yil 10 avgust kuni hamkorlikda
amalga oshirilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida esa, Urganch shahrida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan G‘.S. tomorqa yeridagi issiqxonasida 1 tup “kannabis” o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligi fosh etildi. Bundan tashqari G‘.S. ning uyi va yordamchi xo‘jalik xonalari ko‘zdan kechirilganida esa bir qopga solingan “marixuna” giyohvandlik vositasi va uni isteʼmol qilishga mo‘ljallangan yelim idish (baklajka) topilib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.
Qo‘shko‘pir tumani, Taraqqiyot maallasida yashovchi, 1953 yilda tug‘ilgan, R.S.ning yashash uyini 10 avgust kuni ko‘zdan kechirgan tuman IIB xodimlari, xonadon egasi 3 ta gultuvakda jami 5 tup “kannabis” o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligini aniqlashdi.
2021 yilning 23 avgust kuni viloyat IIB JQB, Viloyat Bojxona boshqarmasi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, Urganch shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan, A.T. boshqaruvida bo‘lgan “Cobalt” rusumli avtomashina Urganch tumanidagi “Cholish” to‘siq-postida to‘xtatilib, haydovchining yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, shimining cho‘ntagida, qog‘ozga o‘ralgan, umumiy vazni 2,7 gramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik vositasini saqlab qo‘yganligi aniqlandi.
2021 yil 18 avgust kuni Yangibozor tumani IIB xodimlari tumanning Iftixor mahallasida yashovchi,1967 yilda tug‘ilgan, A.M.ning uyi va yordamchi xo‘jalik xonalarini ko‘zdan kechirishganida, A.M. molxonasida 2 tup “kannabis” o‘simligini quritilgan holda saqlab kelayotganligini aniqladilar.
Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Giyohvandlik - umr zavoli va taraqqiyot kushandasidir, shu bois kundalik hayotingizga giyohvandlik vositalari kirib kelishiga yo‘l qo‘ymang.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati