“Qoradori-2021”: Xorazm viloyatida fosh etilgan jinoyatlar
Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, o‘tkazish, shuningdek taqiqlangan ekinlarni, yaʼni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bilan bog‘liq holatlarni aniqlashga yo‘naltirilgan “Qoradori-2021” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi davomida Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq bir necha jinoyatlar fosh etilishiga erishildi.
Jumladan, Shovot tumani IIB xodimlari 2021 yil 18 sentyabr kuni tumanning “Qiyot” mahallasi hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lining chekkasida to‘xtab turgan “Neksiya” rusumli avtomashina va uning haydovchisi, 1988 yilda tug‘ilgan J.O‘.ni giyohvandlik vositalarini saqlashda gumon qilib, ko‘zdan kechirganlarida, avtomashina salonida qog‘ozga o‘ralgan “Marixuana” giyohvandlik vositasi va uni isteʼmol qilish uchun mo‘ljallangan yelim idish borligini aniqladilar.
Shundan keyin davom ettirilgan tadbirda esa, Shovot tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan X.X. bitta gugurt qutisiga joylangan “Marixuana” giyohvandlik vositasini avtomashina haydovchisi J.O‘.ga 100 000 so‘mga sotayotgan paytida jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Shuningdek, joriy yilning 18 sentyabr kuni Xiva tumani “Varangzon” mahallasida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan X.M.ning tomorqasini ko‘zdan kechirgan tuman IIB xodimlari, xonadon egasi tarkibida giyohvandlik vositalarini saqlovchi, 3 tup “Kannabis” o‘simligini qonunga xilof ravishda ekib, yetishtirib kelayotganligini aniqladilar.
Shundan keyin ushbu uy va uning yordamchi xonalari ko‘zdan kechirilganida, omborxonada 6 ta polietilen qop va 6 ta shisha bankada “marixuna” giyohvandlik vositasi kelgusida o‘tkazish maqsadida saqlab qo‘yilganligi maʼlum bo‘ldi.
Bundan tashqari, 2021 yilning 19 sentyabr kuni Xonqa tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda esa, Urganch tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan, R.X. 3 litrlik shisha bankaga solingan “Marixuana” giyohvandlik vositasini 2 800 AQSH dollariga sotayotgan paytida jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Qoradori-2021” keng qamrovli profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi sentyabr oyining oxirida yakuniga yetsada, giyohvandlikka qarshi kurash uzluksiz davom etadi.
Shu bois kundalik hayotingizga giyohvandlik vositalari kirib kelishiga yo‘l qo‘ymang.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati