“Qoradori-2022”: Asr vabosi - giyohvandlikka qarshi kurash davom etadi
Joriy yilning 1-avgust kunidan “Qoradori-2022” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi boshlangan bo‘lib, mazkur tadbir doirasida Xorazm viloyati IIB tomonidan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirilgan tarzda olib borilmoqda.
Xususan, olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasidagi quyidagi jinoyatlar fosh etildi.
Jumladan, joriy yilning 30-avgust kuni Xorazm viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Urganch tumanida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan, M.M. Urganch shahrining Xonqa ko‘chasida tanishiga polietilen bo‘lagiga o‘ralgan “gashish” giyohvandlik vositasini 600 000 so‘mga sotgan paytida jinoyat ustida qo‘lga olindi. Shundan keyin gumondorga tegishli avtomashina saloni ko‘zdan kechirilganida esa yana 2 bo‘lak qilib alohida qadoqlangan shu turdagi giyohvandlik vositasi borligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l shahrida yashovchi, 1976-yilda tug‘ilgan, Q.X. giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishi to‘g‘risida olingan maʼlumotga asosan 5-sentyabr kuni Shovot tumani IIB xodimlari u boshqarib kelayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Shovot-Urganch avtomobil yo‘lida to‘xtatish to‘g‘risida ishora berishganida, u inspektorning ishorasiga rioya qilmasdan, aksincha tezlikni yana-da oshirib harakatni davom ettiradi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiga o‘tib ketishga urinib Urganch tumanidagi Amudaryo ko‘prigi oldiga kelganida, blok-postda xizmat olib borayotgan xodimlar tomonidan to‘sib ushlandi. Shundan keyin uning yoni va avtomashinasining saloni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina salonidagi kuldan ichidan uch bo‘lak alohida qadoqlangan giyohvandlik vositasi topilib, tegishli tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.
Bundan tashqari, joriy yilning 7-sentyabr kuni Gurlan tumani IIB xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbir natijasida, Gurlan tumanida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan, M.V. to‘rtta gururt qutisiga joylashtirilgan “marixuana” giyohvandlik vositasini 600 000 so‘mga sotgan paytida ushlandi. Olib borilgan surishtiruv jarayonida gumondor ushbu giyohvandlik vositasini mahalladoshi, B.A. dan olganligi maʼlum bo‘ldi, shundan keyin B.A. ga tegishli uy va yordamchi xo‘jalik binolari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, uyining yashash xonasida beshta gugurt qutisiga joylashtirilgan va bir litrlik shisha bankaga solingan “marixauna” giyohvandlik vositasini saqlab qo‘yganligi, bundan tashqari tomorqasida tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan bir tup “kannabis” o‘simligini ekib, yetishtirib kelayotganligi fosh etildi.
Mazkur xolatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Qoradori-2022” keng qamroqli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi joriy yilning 30 sentyabr kuni yakunlanadi, ammo asr vabosi bo‘lgan giyohvandlikka qarshi kurashish bir zum ham to‘xtamaydi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati