24 Avgust 2022 yil 576

“Qoradori-2022”: Giyohvandlik vositalari savdosi fosh etildi

Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan “Qoradori-2022” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq bir qator jinoyatlar fosh etilishiga erishildi.

Xususan, viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan joriy yilning 17 avgust kuni Urganch shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, Urganch shahrida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan R.J. vazni 0,2 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik vositasini 800 000 so‘mga sotayotgan paytida qo‘lga olindi. Shundan keyin ushbu shaxsning yonida kelgan sherigi, Urganch shahrida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan M.J. ning yoni ko‘zdan kechirilganida, cho‘ntagida ikkita qadoqdagi “gashish” giyohvandlik vositasini saqlab yurganligi maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek joriy yilning 19 avgust kuni viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan Urganch shahrida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir natijasida giyohfurushlik bilan shug‘ullanib kelgan yana bir jinoiy guruh qo‘lga olindi. Dastlab, Urganch shahrida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan O.S. va  U.M. o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir bo‘lak, vazni 0,64 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik vositasini 600 000 so‘mga sotayotgan paytida tezkor xodimlar tomonidan jinoyat ustida ushlandi. Shundan keyin gumondorlarga tegishli avtomashina va ularning yashash xonadonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina salonidan kelgusida o‘tkazish maqsadida alohida qadoqlangan 7 bo‘lak, uyidan esa 10,64 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi, elektron tarozi hamda giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilish uchun mo‘ljallangan qo‘lbola moslamalar topilib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atili, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumondorlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech