Qotillik jinoyati jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
Har qanday jinoyatni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad kelgusida shu kabi jinoyatlarni qayta sodir etilishini oldini olishda keng jamoatchilikning ishtiroki va masʼuliyatini oshirishdir.
Joriy yilning 19 avgust kuni Urganch shahrida sodir etilgan mudxish qotillik jinoyati Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik T.Qazakov tomonidan Urganch shahrida jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Ishtirokchilarga dastlab jinoyat tafsilotlari yuzasidan axborot berilib, jumladan Urganch tumani “Bobodehqon” mahallasida ro‘yxatda turuvchi, 1973 yilda tug‘ilgan erkak turmush o‘rtog‘i yashab kelayotgan Urganch shahridagi Temiryo‘lchi mahallasida joylashgan xonadonda oilasida kelib chiqqan nizo oqibatida o‘zining 2004 yilda tug‘ilgan o‘g‘lini oshxona pichog‘i bilan ko‘krak qafasiga bir marotaba urib, qasddan o‘ldirganligi, bugungi kunda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganligi va gumondor extiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganligi aytib o‘tildi.
Shundan keyin joniyat sodir etilgan hudud yaʼni Urganch shahri “Temiryo‘lchi” mahallasi va Urganch tumanidagi “Bobodehqon” mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va uning o‘rinbosarlari tomonidan mahallada olib borilgan targ‘ibot-tashviqot hamda profilaktik chora-tadbirlar, shuningdek mahallabay, xonadonbay usulida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Shuningdek gumondorning yaqin qarindoshi, qo‘ni-qo‘shnilarining mazkur qotillik jinoyati yuzasidan fikr-mulohazalari va kelgusida bu kabi mudxish jinoyatlarning oldini olish borasidagi takliflari tinglandi.
Muhokama yakuniga ko‘ra o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan masʼul shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati