14 May 2022 yil 587

Rasmiy munosabat: Gurlan tumanida YPX inspektorlari va haydovchi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan nizoli vaziyat yuzasidan

2022 yil 13 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Gurlan tumanida haydovchi va YPX inspektori o‘rtasidagi nizoli vaziyat aks etgan videolavha tarqalgan bo‘lib, ushbu videolavhada YPX inspektori o‘zining talabini bajarmagan haydovchini ko‘tarib ichki ishlar organiga tegishli bo‘lgan “Damas” avtomashinasiga o‘tkazganligi ko‘rinadi.

Mazkur videolavha ijtimoiy tarmoqlarda “YPX inspektorlari tomonidan haydovchiga nisbatan noqonuniy kuch ishlatildi” degan mazmunda tarqatilganligi sababli, Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganida quyidagilarga aniqlik kiritildi.

2022 yil 11 may kuni soat 19:00 larda Gurlan tumani Mustaqillik ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX inspektorlari ro‘parasiga yo‘lning qarama-qarshi qatnov qismiga “Matiz” rusumli 90 Z 572 EA davlat raqam belgili avtomashina kelib to‘xtaydi. Ushbu avtomashina YPX inspektori tomonidan to‘xtatilmagan bo‘lsada, avtomashina haydovchisi xavfsizlik kamarini taqmasdan boshqarib kelganligini vizual tartibda ko‘rgan YPX inspektori haydovchi yoniga borib unga xavfsizlik kamarini taqmasdan kelayotganligini bildirib, avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini taqdim etishni so‘ragan.

“Matiz” haydovchisi, Gurlan tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan, R.S. o‘zining birinchi guruh nogironi ekanligini ro‘kach qilib, maʼmuriy javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida, dastlab o‘zi avtomashinani boshqarmaganligini bildirgan bo‘lsa, keyinchalik YPX inspektorining tuman ichki ishlar bo‘limiga birgalikda borish to‘g‘risidagi talabini bajarishdan qasddan bo‘yin tovlab qarshilik ko‘rsatgan. Avtomashina yo‘lovchisi bo‘lgan, shu tumanda yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan M.Q. ham vaziyatga aralashib, haydovchini ichki ishlar organlari xodimlariga bo‘ysunmaslikka undagan.

Shundan keyin YPX inspektorlari shaxsiga aniqlik kiritish va unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirishni taʼminlash maqsadida, haydovchini “Matiz” avtomashinasidan ko‘tarib tushirib, “Damas” avtomashinasida tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borishgan.

Bo‘limda haydovchining shaxsiga aniqlik kiritilganida, u mazkur “Matiz” avtomashinasini 2021 yil 17 dekabr kuni hamda joriy yilning 26 yanvar va 29 mart kunlari tegishli hujjatlarsiz boshqarganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortilganligi maʼlum bo‘ldi. Bundan tashqari, fuqaro R.S.ga shu kunga qadar umuman haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmaganligi aniqlandi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki mazkur xolatda YPX inspektorlari tomonidan haydovchiga nisbatan qonunga zid xatti-harakat sodir qilinmagan, ular faqatgina yo‘l harakati qoidalarini mensimaydigan navbatdagi haydovchining huquqbuzarligiga chek qo‘yishgan desak xato bo‘lmaydi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech