Rasmiy munosabat: Xorazmlik uch nafar voyaga yetmagan bolalarning “Otamni nohaq qamashmoqchi, yordam bering” degan mazmunda ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaati yuzasidan
2020 yil 18 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda xorazmlik uch nafar voyaga yetmagan bolalarning “Otamni nohaq qamashmoqchi, yordam bering” degan mazmundagi murojaati Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganida quyidagilar maʼlum bo‘ldi.
Ushbu uch nafar voyaga yetmagan bolalarning otasi Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan, M.O. dir.
M.O. 2019 yil 2 oktyabr kuni o‘z uyida mast xolatda turmush o‘rtog‘i bilan janjallashgan va ushbu janjalga turmush o‘rtog‘ining akasi A.S. ham aralashgan. Janjal paytida har ikkala tomondan turli darajada tan jarohati olganlar bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Hazorasp tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan bo‘lib, ayblanuvchilarning hech biriga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi extiyot chorasi qo‘llanilmagan.
Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tumani sudida ko‘rilib, M.O. Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismida, A.S. esa 104-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, ularga nisbatan ozodlikdan maxrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
Ayni kunda mazkur jinoyat ishi tomonlarning apellyatsiya tartibida keltirgan shikoyatlariga asosan jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudining apellyatsiya sudlov hayʼatida ko‘rib chiqilmoqda.
Ichki ishlar organlari tomonidan sudlanuvchi M.O. ga nisbatan qamoqqa olish bilan tahdid qilinmagan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati