20 Iyul 2020 yil 1066

Rasmiy munosabat: Ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazmlik shovvoz yigitni syurpriz kutmoqda” nomi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan

2020 yil 20 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazmlik shavvoz yigitni syurpriz kutmoqda” nomi ostida tarqalgan 1 daqiqa 10  soniyalik videolavha Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganida quyidagilar maʼlum bo‘ldi:

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan, fuqaro A.Xudayberganov 2020 yil 19 iyul kuni kechki paytda o‘zining boshqaruvidagi 90 J 711 CA davlat raqam belgili “Jentra” rusumli avtomashinasiga o‘zboshimchalik bilan yalt-yalt etuvchi mayoqcha o‘rnatib va undan foydalanib boshqarib yurganida fuqarolar tomonidan haqli ravishda eʼtiroz bildirilib va videotasvirga olinib ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan. Bundan tashqari videolavhada haydovchining boshqaruv paytida xavfsizlik kamaridan ham foydalanmaganligi aks etgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhaga aniqlik kiritish uchun YPX inspektori 20 iyul kuni haydovchining yashash manziliga tashrif buyurilganida darhaqiqat u avtomashinasiga maxsus mayoqcha o‘rnatib qo‘yganligi ayon bo‘ldi va tegishli tartibda dalolatnoma va maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi hamda avtomashinaga o‘rnatilgan mayoqcha olib tashlanib, huquqbuzarlik bartaraf etildi.

Haydovchining o‘zboshimchaligi o‘zi uchun “syurpriz” bo‘ldi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech