28 Avgust 2020 yil 717

Rasmiy munosabat: “Damas” yo‘lovchisining harakat vaqtida salondan oyog‘ini  chiqarib borayotgani aks etgan videolavha yuzasidan

2020 yil 28 avgust kuni turli ijtimoiy tarmoqlarda 90 J 305 NA davlat raqam belgili “Damas” rusumli avtomashina harakatlanayotgan paytida ushbu avtomashina yo‘lovchisi salonning yon tomon oynasidan oyoqlarini chiqarib borayotgani eks etgan videolavha tarqaldi. Mazkur jarayonni videotasvirga olgan shaxs holat Xorazm viloyatining Yangibozor tumani hududida bo‘lganligi bayon qilib, belgilangan tartibda chora ko‘rilishini so‘ragan.

Videolavhani o‘rganib chiqqan, Xorazm viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi masʼul xodimlari, “Damas” avtomashinasi haydovchisi va yo‘lovchisining shaxsiga hamda huquqbuzarlikning sodir etilish vaqti va holatiga aniqlik kiritdilar.

Amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 24-bandida yo‘lovchilarga transport vositasi harakatlanayotgan vaqtida salondan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) chiqarish taqiqlanishi, shuningdek 11-bandida haydovchi yo‘lovchilarni harakatlanish vaqtida avtomobil salonidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) chiqarish taqiqlanganligi to‘g‘risida ogohlantirishga majburligi belgilab qo‘yilgan bo‘lsada,  90 J 305 NA davlat raqam belgili “Damas” rusumli avtomashina haydovchisi, 1999 yilda tug‘ilgan Sh.E. 2020 yil 27 avgust kuni soat 17:00larda 4R 160 avtomobil yo‘lining 14-kilometrida harakatlanish paytida o‘zining tengdoshi bo‘lgan yo‘lovchi Sh.R.ga harakatlanish vaqtida oyoqlarini avtomashina salonidan chiqarishga sharoit yaratib bergan.

Haydovchi Sh.E. va yo‘lovchi Sh.R. lar ushbu xatti-harakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 138-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, ikkalasiga ham maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech