7 Noyabr 2022 yil 438

Rasmiy munosabat: “EFFECT.UZ” internet saytining “YouTube” videoxostingidagi kanalida “KELINIM VA NEVARAMNI URIB TASHLADI. TERGOVCHI VA IIV XODIMI JINOYATNI YASHIRYAPTI” nomli sarlavha ostida eʼlon qilingan videomurojaat yuzasidan

2022 yilning 6 noyabr kuni “EFFECT.UZ” internet saytining “YouTube” videoxostingidagi kanalida “KELINIM VA NEVARAMNI URIB TASHLADI. TERGOVCHI VA IIV XODIMI JINOYATNI YASHIRYAPTI” nomli sarlavha ostida eʼlon qilingan videomurojaatning tegishli qismi Xorazm viloyati ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Internet saytning ijtimoiy tarmoqdagi kanali orqali videomurojaat yo‘llagan Xorazm viloyati Hazorasp tumanida istiqomat qiluvchi, 1958 yilda tug‘ilgan fuqaro Raximbergan Allaberganovning  “Kelinim va nevaramni urib tashladi. Tergovchi va IIV xodimi jinoyatni yashiryapti” deb keltirgan daʼvosi 2007 yilning 21 mart kuni qayd etilgan xolatga tegishlidir. Mazkur xolat yuzasidan shu davrda Hazorasp tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro R.Allaberganovga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi hamda 229-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilib, to‘plangan xujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishi 2007 yil 17 avgust kuni ochiq sudda tomonlar ishtirokida ko‘rib chiqilib, fuqaro R.Allaberganov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-moddasi 1-qismi, JK 109-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 70-moddasiga asosan jazo tayinlanmasdan turib javobgarlikdan ozod qilingan.

Jinoyat ishi doirasida tergovchi tomonidan ajratilgan maʼmuriy holatlar qonunda belgilangan tartibda Jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Bundan tashqari R.Allaberganovning binoga egalik qilish masalasidagi murojaati fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rib chiqilib, yakuniy qaror qabul qilingan va majburiy ijro byurosi tomonidan ijrosi taʼminlanganligini maʼlumot tariqasida keltirib o‘tamiz.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech