15 Fevral 2022 yil 641

Rasmiy munosabat: “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Aybek Jumaniyazov” nomli profil egasining murojaati yuzasidan

“Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Aybek Jumaniyazov” nomli profil egasi prokuraturaning mazkur ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga “Yangibozor tumani pasport stoli xodimlari arizalarni to‘ldirish uchun fuqarolarni qog‘oz do‘koniga yuboradi, u yerdagi do‘konchi bir varaq ariza blankasini 8000-9000 so‘mga to‘ldirib bermoqda” degan mazmunda xabar yuborib, ushbu jarayonning qonuniyligini o‘rganib chiqishni so‘ragan.

Yuqoridagi murojaat o‘rganilganida quyidagilarga aniqlik kiritildi:

“Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Aybek Jumaniyazov” nomli profil egasi Yangibozor tumanida yashovchi Aybek Jumaniyazov ekanligi va u 2022 yilning 4 yanvar kuni Yangibozor tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga xorijga chiqish biometrik pasporti olish uchun murojaat qilgan.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra biometrik pasport olish uchun murojaat qilgan fuqarolar ariza blankasini o‘zlari to‘ldirishi lozim, ammo ayrim fuqarolarning bu borada o‘zga shaxslar yordamidan foydalanish xolatlari ham kuzatiladi. Xususan, Yangibozor tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qilgan fuqarolar ayrim hollarda IIB binosiga tutash hududda kanselyariya mollari bilan savdo qiluvchi tadbirkor R.X. ga murojaat qilishgan. Ushbu tadbirkor fuqarolar bilan o‘zaro kelishuvga asosan ariza blankasini 5000 so‘m pul evaziga to‘ldirib bergan. Tadbirkor bilan tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimlari o‘rtasida bu borada biron-bir tarzda kelishuv bo‘lmagan, shuningdek IIB xodimlari ushbu tadbirkordan manfaatdor bo‘lishmagan.

Bugungi kunda yuqoridagi jismoniy shaxsning fuqarolarga pul evaziga ariza to‘ldirish bilan bog‘liq faoliyatiga chek qo‘yildi.

Shuningdek, alohida ariza to‘ldirish bo‘yicha pullik xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi DUK faoliyati yo‘lga qo‘yilgunga qadar,  Yangibozor tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qilgan fuqarolarga ariza blankalarini to‘ldirishda bo‘lim xodimlari tomonidan huquqiy tushuntirish berilishi belgilanib, zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech