Rasmiy munosabat: Fuqaro J.Allaberganovning ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaati yuzasidan
Xorazm viloyatida yashovchi fuqaro Jasur Allaberganov so‘nggi kunlarda o‘zini diniy qarashlari uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar taʼqib qilayotganligi yuzasidan ijtimoiy tarmoq orqali murojaat qilgan.
Jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan ushbu murojaat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Fuqaro J.Allaberganovga nisbatan ayni kunda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 1-qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, barcha tergov harakatlari jinoyat-protsessual kodeksi asosida olib borilmoqda. Jinoyat ishi bo‘yicha J.Allaberganovning himoya huquqi to‘liq taʼminlangan bo‘lib, unga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanmagan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati