13 Avgust 2022 yil 629

Rasmiy munosabat: Gurlan tumanida yashovchi fuqaro Sh.Yuldashevning  “IIB xodimlari qiynoqqa solishdi” degan mazmunda ijtimoiy tarmoq orqali yo‘llagan murojaati yuzasidan

Gurlan tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan, Sherzod Yuldashev joriy yilning 11 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat yo‘llab, unda Gurlan tumani IIB xodimlari uni asossiz tuman IIB binosida bir kecha saqlab urib qiynaganliklari, o‘zi hech qanday jinoyatga aloqador emasligini bildirib o‘tgan.

Ushbu murojaat yuzasidan dastlabki xolatda quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Gurlan tumani IIB ga 2022 yil 4 avgust kuni tuman markazidagi kafe oldida to‘xtab turgan “Kaptiva” rusumli avtomashina salonida bo‘lgan bir guruh shaxslar giyohvandlik vositasi isteʼmol qilayotganligi to‘g‘risida maʼlumot kelib tushgan. Ushbu maʼlumotni tekshirib ko‘rish uchun tuman IIB tezkor xodimlari zudlik hodisa joyiga yetib borib, avtomashina saloni va u yerda bo‘lgan shaxslarning yonini ko‘zdan kechirishganida, avtomashina salonida giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilish uchun moslangan yelim idish va giyohvandlik vositasiga o‘xshovchi o‘tkir hidli modda borligi aniqlandi.

Shundan keyin xolatga aniqlik kiritish uchun ushbu shaxslar tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan. Ushbu shaxslar orasida ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat yo‘llagan fuqaro Sherzod Yuldashev ham bo‘lgan. Sherzod Yuldashev ilgari giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan bo‘lib, tuman IIB Probatsiya guruhi hisobida turishi bois ichki ishlar bo‘limi xodimlarini yaqindan taniydi.

Avtomashina salonida bo‘lgan besh nafar shaxslar, jumladan Sherzod Yuldashev ham dastlab sud-tibbiy va sud-kimyoviy ekspertizasidan o‘tkazilgan. Avtomashinadan topilgan o‘tkir hidli modda sud-kimyoviy ekspertizasi hulosasiga ko‘ra “gashish” giyohvandlik vositasi ekanligi maʼlum bo‘ldi.

Shuni alohida taʼkidlab o‘tish lozimki, bugungi kunda ichki ishlar organlariga keltirilgan har bir shaxs belgilangan tartibda ro‘yxatga olinadi. Shu bilan birgalikda, ichki ishlar bo‘limi maʼmuriy binosi, jumladan, so‘roq qilish xonalari kuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lib, so‘roq qilinuvchi shaxslarga nisbatan qiynoq qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari ichki ishlar bo‘limida so‘roq qilingan shaxslarning kelgusida javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida turli asossiz daʼvolar bilan murojaat qilishining oldini olish maqsadida ichki ishlar bo‘limida ushlab turilgan shaxslarni qo‘yib yuborish paytida tibbiy guvohlantirishdan o‘tkazish ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur xolatda ushbu besh nafar shaxslar vrach tomonidan tibbiy guvohlantirilganida ularda tan jarohati yo‘qligi qayd etilgan.

Xozirgi kunda fuqaro Sh.Yuldashevning ijtimoiy tarmoq orqali yo‘llagan murojaati huquqiy baho berish uchun prokuratura organlari tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech