15 Iyul 2020 yil 676

Rasmiy munosabat:  Ijtimoiy tarmoqlarda “Qo‘shnimning iti menga va farzandimga og‘ir jarohat yetkazdi” nomi ostida tarqalgan xabar yuzasidan

2020 yil 12 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Qo‘shnimning iti menga va farzandimga og‘ir jarohat yetkazdi” nomi ostida xabar tarqatilgan bo‘lib,  unda Hazorasp tumani Karvak qishlog‘i Maʼnaviyat ko‘chasi 17-uyda istiqomat qiluvchi Zumrad Jumaniyozova qo‘shnisi A.S.ga tegishli it o‘zi va farzandiga og‘ir tan jarohati yetkazganligini, bu haqda uchastka noziri va IIBga murojaat qilganligini, ammo chora ko‘rilmaganligini maʼlum qilgan.

Mazkur xabar Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganida quyidagilar maʼlum bo‘ldi:

Fuqaro Z.Jumaniyozova va uning o‘g‘li 2020 yil 16 may kuni qo‘shnisiga tegishli it tishlaganligini aytib Hazorasp tumani shifoxonasiga murojaat qilganlar.

Shifokorning tuman ichki ishlar bo‘limiga shu yuzasidan bergan xabari asosida tergovga qadar tekshiruv olib borilganida, fuqaro Z.Jumaniyozova  it tishlaganligi ortidan qo‘shnisining 2005 yilda tug‘ilgan qizini urib tan jarohati yetkazganligi maʼlum bo‘ldi.

Tergovga qadar olib borilgan tekshiruv yakuniga ko‘ra fuqaro Z.Jumaniyozova O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasi va 52-moddasi 2-qismida, uning qo‘shnisi (itning egasi) A.S. esa Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi va 110-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, to‘plangan hujjatlar 2020 yil 25 may kuni mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun tuman maʼmuriy sudiga yuborilgan. 2020 yil 26 may kuni Hazorasp tumani maʼmuriy sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan ushbu maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish uchun hududiy ichki ishlar organiga qaytarilgan. Sud tomonidan keltirib o‘tilgan kamchiliklar qisqa muddat bartaraf etilib, to‘plangan hujjatlar yana sudga yuborilgan.

Xozirgi kunda, karantin bois sudlar tomonidan ishlarni ko‘rib chiqish vaqtinchalik to‘xtatilganligi sababli, mazkur maʼmuriy ishni ham mazmunan ko‘rib chiqish karantin choralari yumshatilgunga qadar qoldirilgan.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech