Rasmiy munosabat: Ijtimoiy tarmoqlarda “Shovot tumanidagi Yusuf Hamadoniy ziyoratgohida hayriya pullari o‘g‘irlanmoqda” degan mazmunda tarqalgan xabarlar yuzasidan
2020 yil 04 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazm viloyati Shovot tumanidan yozmoqdaman. Beshmergan mahallasida joylashgan Yusuf Hamadoniy ziyoratgohi ehson qutisiga tashlangan hayriya pullari o‘g‘irlangan degan gumondaman. Ushbu holatni taftish etishlarini so‘rayman.”-degan mazmundagi xabar tarqatilib unga ziyoratgohdagi ehson qutisini bir guruh shaxslar tomonidan ochilayotgani aks etgan fotosuratlar ilova qilingan.
Ushbu xabarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan shaxs ilgari shu mazmunda ichki ishlar organlariga yozma ravishda murojaat qilgan bo‘lib, uning arizasida keltirilgan holatlar yuzasidan surishtiruv o‘tkazilgan.
Surishtiruv yakuniga ko‘ra, Xorazm viloyati Shovot tumanida joylashgan Yusuf Hamadoniy ziyoratgohida zakot, fitr va boshqa hayriya mablag‘larini hisobini yuritish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan soliq organlariga taqdimnoma kiritilgan.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, surishtiruv jarayonida zakot, fitr va boshqa hayriya pullarini o‘g‘irlash bilan bog‘liq holatlar aniqlanmadi.
Ijtimoiy tarmoqda eʼlon qilingan suratlarda esa, ziyoratgoh ishchi-xodimlari tomonidan ehson qutisi komission tartibda ochilayotgan vaziyat aks etgan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati