Rasmiy munosabat: Ijtimoiy tarmoqlarda “Tuproqqalʼa tumanidagi holat. 0275 raqamli nishon egasi bo‘lgan YPX xodimi niqobsiz faoliyat olib bormoqda” nomi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan
2020 yil 27 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Tuproqqalʼa tumanidagi holat. 0275 raqamli nishon egasi bo‘lgan YPX xodimi niqobsiz faoliyat olib bormoqda” nomi ostida davomiyligi 35 soniya bo‘lgan videolavha tarqatilgan bo‘lib, ushbu videolavhada ichki ishlar organlari xodimining xizmat kiyimida bo‘lgan shaxs o‘zga shaxslar bo‘lgan joyda tibbiy niqobsiz turganligi aks etgan.
Mazkur lavha Xorazm viloyatidagi holat sifatida qayd etilganligi sababli, viloyat IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi.
Ushbu videolavhadagi ichki ishlar organlari xodimi Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi guruhi inspektori kichik serjant A.A. bo‘lib, u 2020 yil 26 iyul kuni tuman hududida xizmat olib borayotganida yo‘l harakati qoidalarini buzgan xaydovchi, shu tumanda yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan, X.R.ga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish chog‘ida tibbiy niqob taqmagan va bu jarayon qoidabuzar haydovchi tomonidan videotasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan.
Bugungi kunda, YPX inspektoriga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati