Rasmiy munosabat: Ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida YPX inspektorlari tomonidan quvib kelingan transport vositasi daraxtga urildi” degan mazmunda tarqatilgan xabar yuzasidan.
2022 yil 2 fevral kuni turli ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan “Neхia” rusumli avtomashina surati eʼlon qilinib, ushbu avtotransport vositasi YPX inspektorlari tomonidan quvib kelinganligi sababli yo‘l-transport hodisasiga uchraganligi qayd etib o‘tilgan.
Mazkur xabar Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilganida quyidagilar maʼlum bo‘ldi:
2022 yil 2 fevral kuni soat 16:00 lar atrofida Xorazm viloyati Bog‘ot tumani hududidan o‘tgan 4R156 avtomobil yo‘lining 28-kilometridan maxsus xizmat avtomobilida o‘tib borayotgan YPX inspektorlari yo‘lning qatnov qismida boshqa transport vositalarining harakatiga xavf tug‘dirib, ikki qator bo‘lib to‘xtab turgan transport vositalarining qoidabuzarligiga chek qo‘yish maqsadida yo‘l chekkasiga to‘xtab, haydovchilar tomonga borayotganlarida “Neхia” rusumli 90 V 435 YEA davlat raqam belgili avtomoshinani haydovchisi YPX inspektorining to‘xtash to‘g‘risidagi qonuniy talabini bajarmasdan, tezlikni keskin oshirib, transport vositasini haydab ketadi. Ushbu haydovchining xatti-harakatlari YPX inspektorlarida shubha uyg‘otganligi sababli, ular o‘zlariga biriktirilgan xizmat avtomobilida “Neхia” rusumli avtomashinani izma-iz kuzata boshlaganlar va bir necha bor ovoz kuchaytirgich yordamida “Neхia” avtomashinasi haydovchisiga to‘xtash to‘g‘risida aytishgan. (Mazkur jarayonlar YPX inspektorining bodikamerasida yozib olingan)
Ammo “Neхia” rusumli avtomashina haydovchisi yo‘llarda harakatni tartibga soluvchilarning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishi shart ekanligini bilsada, ushbu qoidaga qasddan rioya qilmasdan, transport vositasini Bog‘ot tumanining “Nurafshon” mahallasidagi ichki yo‘lda yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari uchun xavfli tarzda boshqarishda davom etgan va boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chekkasiga gaz quvuriga texnik shikast yetkazib, daraxtga urilgan. Shundan keyin haydovchi yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joydan yashirinish va javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida qochishga urinayotgan paytda, hodisa joyiga yetib kelgan YPX inspektorlari tomonidan ushlangan.
“Neхia” rusumli 90 V 435 YEA davlat raqam belgili avtomoshinani haydovchisi, 1982 yilda tug‘ilgan, Bog‘ot tumani yashovchi, J.R. og‘iz bo‘shlig‘idan alkogol hidi kelishi, bir holatda to‘g‘ri tura olmasligi, nutqining buzilganligi sababli shu joyning o‘zida YPX inspektori tomonidan alkotester yordamida tekshirilganida, uning kuchli darajadagi mast holda ekanligi maʼlum bo‘lgan.
Yo‘l-transport hodisasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, avtomashina vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirildi.
YPX inspektorlarining hushyorligi sababli, sodir etilishi mumkin og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisasining, eng asosiysi begunoh insonlar jabr chekishining oldi olindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati