5 Fevral 2021 yil 848

Rasmiy munosabat: Ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazmlik GAI xodimi mast ekanligi aytilayotgan evakuator haydovchisiga “indashmadi” va bunga boshqa haydovchilar norozi bo‘lishmoqda” nomi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan

2021 yil 4 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazmlik GAI xodimi mast ekanligi aytilayotgan evakuator haydovchisiga “indashmadi” va bunga boshqa haydovchilar norozi bo‘lishmoqda” nomi ostida videolavha tarqaldi.

Mazkur videolavhada aks etgan jarayonga batafsil aniqlik kiritish, jarayon ishtirokchilarining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun Xorazm viloyati IIB rahbariyati tomonidan xizmatga oid surishtiruv tayinlandi.

Dastlabki o‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi:

2021 yil 4 fevral kuni soat 22:00 larda 4 R 156 avtomobil yo‘lining 11-13 kilometriga xizmatga taqsimlangan (tasdiqlangan dislokatsiya asosida) Xorazm viloyati IIB YHXB YPX inspektori tomonidan Hazorasp-Urganch yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan “Lacetti” rusumli 90 576 XAA davlat raqam belgili avtomashina to‘xtatilib, haydovchidan transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarini tekshirib ko‘rish uchun taqdim etish so‘ralganida, haydovchi, 1999 yilda Hazorasp tumanida tug‘ilgan A.A. hech qanday hujjat taqdim etmagan.

Shundan keyin YPX inspektori tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasiga asosan avtomashinani vaqtinchalik ushlab turish uchun jarima maydonchasiga olib borish maqsadida maxsus evakuator mashinasini chaqirtirgan.

Evakuatorga “Lacetti” rusumli 90 576 XAA davlat raqam belgili avtomashina ortilgach, ushbu mashina yo‘lovchilari haydovchining javobgarlikdan qutilib qolishiga erishish maqsadida, evakuator haydovchisining mast holda ekanligini aytib, evakuatorni boshqarishiga to‘sqinlik qilishgan. Evakuator haydovchisi o‘ziga nisbatan eʼtiroz bildirilayotganligi sababli boshqaruvni yonidagi sherigiga topshirib, avtomashinani jarima maydoniga keltirilishini taʼminlagach, jarima maydonining o‘zida soat 23:15  “Alkotester” vositasida mastlik darajasi tekshirib ko‘rilganida uning nafasida 0,124 mg/l alkogol borligi qayd etilgan. Haydovchining nafasida 0,135 mg/l va undan yuqori miqdorda alkogol aniqlangan taqdirdagina Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi bo‘yicha maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.

“Lacetti” rusumli 90 576 XAA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisi va yo‘lovchilari tomonidan olingan dastlabki videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgach, haydovchi o‘zining mastlik holati yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv jarayonini olgan videotasvirni ham ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan.

Xizmat surishtiruvi yakuniga ko‘ra jarayonga to‘liq aniqlik kiritiladi va bu yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot beriladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati  

Text to speech