Rasmiy munosabat: Ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazmlik ikki nafar xotin-qiz urishdi” nomli sarlavha ostida tarqalgan videolavha yuzasidan
Joriy yilning 2 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida va respublikamizdagi ommabop internet nashrlarda ikki nafar xotin-qizning o‘zaro janjallashgani aks etgan videolavha keng tarqatilib, ushbu videolavhaga go‘yoki xorazmlik ikki nafar xotin-qiz o‘zaro janjallashganligi to‘g‘risidagi izoh ilova qilingan.
Vaholanki, ushbu xolat Xorazm viloyatida emas balki, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqalʼa tumanida sodir etilgan bo‘lib, bu yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zining rasmiy sahifalari orqali shu kunning o‘zida, yaʼni 2 sentyabr kuni, xotin-qizlar o‘rtasidagi ushbu janjalli xolat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqalʼa tumanida sodir bo‘lganligi va hozirgi kunda tergov qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganligi to‘g‘risida xabar bergan bo‘lsada, biron bir internet nashr ushbu xabarga eʼtibor qaratmagan.
Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va internet nashr mualliflaridan kelgusida biron-bir voqea yoki hodisani yoritishdan oldin huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rasmiy veb-saytlarini kuzatishlarini yoki ular bilan bog‘lanib xolat yuzasidan batafsil maʼlumot olishlarini so‘raymiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati