Rasmiy munosabat: “Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmlik yigit kaltaklanganligi suratlari tarqaldi” nomli xabar yuzasidan
2022 yil 3 yanvar kuni Telegram messenjeridagi sahifalardan birida “Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmlik yigit kaltaklanganligi suratlari tarqaldi” nomli sarlavha ostida “Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tumani Obod mahallasida 2022 yil 3 yanvar kuni issiqxonada ishlagan ishchisi oylik maoshni so‘ragan paytida rahbari tomonidan kaltaklangan tuman ichki ishlari va tuman tibbiyot birlashmasi hech ish qilgani yo‘q. Boboyev Hasanboy Alisher o‘g‘li o‘lim bilan olishmoqda zo‘ravonlar hamon ochiqda yuribdi” degan xabar tarqalib unga bir nafar fuqaroning xiralashtirilgan yuz qismi surati ilova qilingan.
Mazkur xabar yuzasidan yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:
2022 yil 3 yanvar kuni soat 12:05 da Tuproqqalʼa tuman tibbiyot birlashmasi navbatchi-shifokori tuman IIB navbatchilik qismiga, 1999 yilda tug‘ilgan X.Boboyev tan jarohati bilan murojaat qilganligi to‘g‘risida xabar bergan. Mazkur xabar IIB navbatchilik qismida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan va X.Boboyevning tan jarohati olishi bilan bog‘liq xolat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan.
Dastlabki tekshiruv natijasida, fuqaro X.Boboyev Tuproqqalʼa tumanida joylashgan issiqxonada yollanma ishchi bo‘lib ishlab kelganligi va 2022 yil 3 yanvar kuni shu issiqxonada yollanma ishchi bo‘lib ishlab kelayotgan, 1975 yilda tug‘ilgan, O.S. bilan o‘zaro kelishmovchilik sababli janjallashganligi, O.S. fuqaro X.Boboyevning yuz qismiga qo‘li bilan bir marotaba urganligi maʼlum bo‘ldi.
Xozirgi kunda X.Boboyevning olgan tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati