3 Avgust 2021 yil 692

Rasmiy munosabat: “Kun.uz” internet nashrida “Hazorasp tumani YHXB posti oldida avtomobillarning juda katta tirbandligi yuzaga kelgan” nomli sarlavha ostida eʼlon qilingan xabar yuzasidan

2021 yil 3 avgust kuni “Kun.uz” internet nashrida “Hazorasp tumani YHXB posti oldida avtomobillarning juda katta tirbandligi yuzaga kelgan” nomli sarlavha ostida eʼlon qilingan xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Maʼlumki har yili mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, o‘tkazish, shuningdek taqiqlangan ekinlarni, yaʼni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish maqsadida ikki bosqichda “Qoradori-2021” profilaktik tadbiri o‘tkazib kelinmoqda.

Mazkur profilaktik tadbirning joriy yil 1 may kunidan 30 iyun kuniga qadar davom etgan birinchi bosqichi davomida Xorazm viloyatida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar oldingi yillarga nisbatan oshganligi maʼlum bo‘ldi.

Shundan kelib chiqqan holda, “Qoradori-2021” profilaktik tadbirning 1 avgust kuni boshlangan ikkinchi bosqichi davomida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlar yana-da kuchaytirilib, Xorazm viloyatini qo‘shni Qoraqolpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘llarida mavjud YPX maskanlari va to‘siq-postlarda ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari shaxsiy tarkibidan iborat qo‘shma guruhlar faoliyati yo‘l qo‘yildi.

Ushbu guruhlarning asosiy vazifasi viloyatimiz hududiga kirib kelayotgan avtomototransportlarda giyohvandlik vositalarining transportirovkasini aniqlashdan iborat bo‘lganligi bois, Hazorasp tumanidagi muntazam YPX maskanida faoliyat olib borgan ishchi guruh shu maskan orqali harakatlanayotgan barcha transport vositalarini tashqi ko‘zdan kechirish  maqsadida 2 avgust kuni bevosita YPX maskani oldida “To‘xtamasdan harakatlanish taqiqlangan” (STOP) belgisi o‘rnatilgan, lekin ushbu chora-tadbir avtomobil yo‘lida transport vositalarining tirbandligini yuzaga keltirganligi sababli 3 avgust kuni olingan. Xozirgi kunda YPX maskanida xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari o‘z xizmat majburiyatlarini amalga oshirish chog‘ida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning prekursorlari yoxud muomalada bo‘lishi taqiqlangan yoki cheklangan boshqa narsalar bor deb hisoblashga asoslar mavjud bo‘lgandagina fuqarolarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularning ashyolarini, qo‘l yukini, bagajini ko‘rikdan o‘tkazishni amalga oshirib kelmoqdalar.

Eslatib o‘tamiz, “Qoradori-2021” profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi joriy yilning 30 sentyabr kuniga qadar davom etadi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech