13 Sentyabr 2021 yil 1005

Rasmiy munosabat: “Qonun doirasida” MCHJ ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “Xorazmda IIB xodimlari fuqaroni majburlash xolati” nomi ostida eʼlon qilgan videolavhalari yuzasidan

2021 yil 12 sentyabr kuni “Qonun doirasida” MCHJ ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “Xorazmda IIB xodimlari fuqaroni majburlash xolati” nomi ostida  videolavha joylashtirilgan bo‘lib, ushbu videolavhalarda ichki ishlar organlari xodimlari va bir guruh fuqarolar o‘rtasidagi nizoli xolat aks etgan.

Mazkur videolavha va unda aks xolatlar bugungi kunda Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan batafsil o‘rganib chiqilmoqda.

Shunday bo‘lsada xolat yuzasidan quyidagilarni dastlabki maʼlumot tariqasida bildiramiz:

Bugungi kunda tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalarda joylashgan xonadonlar Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan gaz tarmog‘idan ajratilib,  suyultirilgan gaz va ko‘mir bilan uzluksiz ravishda taʼminlab kelinmoqda.

Shunday bo‘lsada, Urganch tumanining “Obod” mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar o‘z xonadonlarini gaz tarmog‘iga qayta ulash haqidagi murojaatini 2021 yil 18 avgust kuni yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini qasddan buzib, Urganch tumani hududidan o‘tgan 4R156 avtomobil yo‘lining qatnov qismiga chiqib, transport vositalarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilib, qonunga xilof ravishda bildirishgan.

Ushbu fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yish va avtomobil yo‘lida transport vositalarining xavfsiz harakatini taʼminlash maqsadida Urganch tumani IIB xodimlari va Hokimlik mutasaddilari hodisa joyiga zudlik bilan yetib borgan. Ammo shu yerda bo‘lgan fuqaro Davron Rahimov ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan hamda ichki ishlar organlari xodimining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida daʼvatlar qilib, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlariga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bila turib soxta uydirmalarni tarqatgan.

Shundan keyin mazkur xolat Urganch tumani IIB tergov-tezkor guruhi tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilgan. Davron Rahimovning xatti-harakatlari yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilib, to‘plangan materiallar maʼmuriy tartibda ko‘rib chiqishlik uchun tuman sudiga yuborilgan.

Sud majlisi joriy yilning 11 sentyabr kuni soat 15:30 ga tayinlanib, huquqbuzar Davron Rahimovga sudga o‘z vaqtida yetib kelishlik to‘g‘risida SMS va yozma shaklda xabarnoma yuborilgan. Davron Rahimov sudga o‘z vaqtida yetib bormaganligi sababli, shu kuni soat 17:40 da uni uyiga sud ajrimiga ko‘ra majburiy keltirishni taʼminlash uchun Urganch tumani IIB xodimlari kelishgan. Ammo Davron Rahimov o‘zini spirtli ichimlik isteʼmol qilganligini ro‘kach qilib, sudga bormasligini aytgan. Shuningdek Davron Rahimov bu jarayonga qo‘shnilarining eʼtiborini jalb qilib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmaslikka erishish maqsadida, ichki ishlar organlari xodimlariga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarishga qaratilgan soxta uydirmalarni bila turib tarqatishda davom etgan.

O‘z navbatida ichki ishlar organlari xodimlari D.Rahimovni ichki ishlar organiga olib borishga urinib qonunga muvofiq harakat qilishgan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasida ( Ichki ishlar organlarining huquqlari) ichki ishlar organlari o‘z vakolatlari doirasida fuqarolardan qonunchilikka rioya etishni, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni tugatishni talab qilish, bu talablar bajarilmagan taqdirda esa majburlov choralarini qo‘llash, maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda ushlash va ichki ishlar organlariga olib borish  huquqiga ega ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek mazkur qonunning 22-moddasida (Jismoniy kuch ishlatish) agar kuch ishlatilmaydigan usullar ichki ishlar organi xodimining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlamasa, u jinoyatlarga va maʼmuriy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish uchun, jinoyatlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va bu shaxslarni ushlab turish uchun, ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun  shaxsan o‘zi yoki bo‘linma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi deb belgilangan.

Joriy yilning 13 sentyabr kuni fuqaro Davron Rahimovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194, 195 va 201-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar alomatlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Urganch tumani sudi binosida jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shko‘pir tumani sudi tomonidan ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi va u yuqoridagi moddalarda ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 10 sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizdan, bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida ijtimoiy va maishiy muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilayotganligini to‘g‘ri anglagan holda qo‘llab-quvvatlashlarini, hamda turli muammolarni ro‘kach qilib aholida davlat boshqaruvi organlariga ishonchsizlikni shakllantirishga urinayotgan ayrim shaxslarning balandparvoz aldovlariga uchmasliklarini so‘raymiz. O‘z ariza, taklif yoki shikoyatingizni qonunda belgilangan tartibda bildiring. Zero, huquqiy davlatning ko‘zi ham, so‘zi ham, quroli ham, himoyasi ham qonundir.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech