Rasmiy munosabat: Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi B.Yo‘ldashevning ijtimoiy tarmoq orqali yo‘llagan murojaati yuzasidan
2021 yil 14 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 2005 yilda tug‘ilgan, Yo‘ldoshev Boburbek Xursandbek o‘g‘lining murojaati eʼlon qilingan.
Mazkur murojaat taalluqligi bo‘yicha Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganida quyidagilar aniqlandi.
2020 yil 29 dekabr kuni fuqaro B.Yo‘ldashev o‘zi bilan bir maktabda o‘qiydigan, 2006 yilda tug‘ilgan A.Polvonov bilan o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik sababli, o‘zaro janjallashgan paytida A.Polvonov unga oshxona pichog‘i bilan hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘shko‘pir tumani IIO FMB huzuridagi tergov guruhi tergovchisi tomonidan 2020 yil 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi normalariga muvofiq olib borilgan.
Fuqaro B.Yo‘ldoshev va uning yaqin qarindoshlari jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari davomida B.Yo‘ldashevga A.Polvonov va uning qarindoshi Sh.Polvonovlar tomonidan jarohat yetkazilganligini taʼkidlab kelgan bo‘lsalarda, Sh.Polvonovning mazkur jinoyatda ayblash uchun uchun B.Yo‘ldoshevning ko‘rsatmasidan tashqari boshqa biron bir dalil yoki guvohlar mavjud bo‘lmaganligi sababli, jinoyat ishining unga nisbatan bo‘lgan bir qismi 30.01.2021 yilda JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatilgan.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, tergov organi ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqib, ishda yuzaga kelgan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlarga to‘liq aniqlik kiritgan.
Bugungi kunda jinoyat ishining dastlabki tergovi yakunlanib, mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborilgan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati