16 Avgust 2021 yil 737

Rasmiy munosabat: You Tube videoxostingidagi “Baxodir brat” kanalida  “GAI bilan sola sol....” nomi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan

2021 yil 15 avgust kuni You Tube videoxostingidagi “Baxodir brat” kanalida  “GAI bilan sola sol. Ranginga uray degan kim o‘zi... Navbatdagi janjal” nomi ostida tarqalgan videolavha Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi va dastlabki o‘rganish jarayonida quyidagilarga aniqlik kiritildi:

2021 yil 13 avgust kuni Urganch shahrida maxsus tadbir doirasida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan Xorazm viloyati IIB YHXB YPX katta inspektori safdor U.Abdiyev, Urganch shahrining A.Bahodirxon ko‘chasida chorrahani kesib o‘tishda “Yo‘l harakati qoidasi”ning 103 bandi (Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yonganda haydovchi chorraha orqali harakatlanishni tugallayotgan transport vositalariga   yo‘l berishi shart) talablarini qo‘pol ravishda buzib harakatlanib kelgan, 1994 yilda tug‘ilgan, S.M. boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashinani to‘xtatib, haydovchiga qoidabuzarligini tushuntirib, hujjatlarini taqdim etishni so‘raganida haydovchi ham o‘z navbatida YPX inspektoridan dislokatsiyasini ko‘rsatishni so‘raydi. YPX inspektori maxsus tadbirda ishtirok etayotganligini, shu bois dislokatsiya berilmaganligini, ammo qonuniy asosda xizmat olib borayotganligini YHXB axborot-dispetserlik xizmati (ADX) orqali bilib olishi mumkinligini maʼlum qilib, ADX xizmat telefon raqamini aytgan.

Shunday bo‘lsada, haydovchi YPX inspektorining qonuniy talabini bajarishdan asossiz ravishda qasddan bosh tortib, hujjatlarini taqdim etmaydi.

Shu joyda xizmat olib borayotgan viloyat IIB YHXB YPX inspektori safdor Yo.Komilov ham o‘z navbatida haydovchiga hujjatlarni taqdim qilishi lozimligini aytib o‘tadi. Shunda haydovchi vaziyatni chigallashtirish va shu orqali qoidabuzarligi uchun ko‘zda tutilgan javobgarlikdan qutilib qolishni ko‘zlagan holda Yo.Komilovning yoniga borib, nosamimiy munosabatda bo‘lganligini ro‘kach qilib, nizoli xolatni yuzaga keltirishga uringan.

Shunday bo‘lsada, YPX inspektorlari o‘z xizmat vazifalarini belgilangan tartibda olib borib, haydovchiga nisbatan sodir etgan qoidabuzarligi yuzasidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirganlar.

Shuni taʼkidlab o‘tish lozimki, mazkur xolatda YPX inspektorlari tomonidan xizmat intizomi buzilmagan.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech