Rasmiy munosabat: You Tube videoxostingidagi “Baxodir brat” kanalida “Xorazmda GAI bilan tortishuv” nomi ostida tarqatilgan videolavha yuzasidan
2020 yil 11 iyul kuni You Tube videoxostingidagi “Baxodir brat” kanalida “Xorazmda GAI bilan tortishuv” nomi ostida tarqatilgan videolavhada qayd etilgan vaziyat Xorazm viloyatining Gurlan tumanida bo‘lib o‘tganligi sababli, holat Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganida quyidagilarga aniqlik kiritildi.
2020 yil 27 iyun kuni Xorazm viloyati Gurlan tumani markazi Mustaqillik va P.Maxmud ko‘chalari kesishmasida belgilangan tartibdagi taqsimot asosida xizmatga jalb qilingan, viloyat IIB YHXB YPX inspektori kichik serjant D.Raxmanov va yuqoridagi chorrahada yo‘l harakatini qoidalarini buzgan holda harakatlanib kelgan “Damas” rusumli 90 V 819 HA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisi, Gurlan tumanida yashovchi, fuqaro B.Yermetov o‘rtasidagi muloqot jarayoni, haydovchi tomonidan uyali telefon orqali videotasvirga olinib, noroziligini namoyon etish maqsadida ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan.
Videolavhada, haydovchining talabi bo‘yicha YPX inspektori tomonidan unga dislokatsiya ko‘chirmasi (!) ko‘rsatilgan bo‘lsada, haydovchi buni dislokatsiya deb tan olmasligini bildirib, YPX inspektoriga asossiz ravishda eʼtiroz bildirgan. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ning 9-bandida “Transport vositasi to‘xtatilganida haydovchi YPX xodimi aynan to‘xtatilgan hududda dislokatsiyaga asosan xizmat o‘tayotganligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakldagi tasdiqlangan dislokatsiyaning KO‘CHIRMASI bilan shu joyning o‘zida tanishishi mumkinligi, YPX xodimining dislokatsiyasi ushbu xodim xizmat olib borayotgan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘ida saqlanishini va haydovchining murojaatiga binoan o‘n besh kun ichida yozma ravishda maʼlumot berilishi taʼkidlab o‘tilgan. Shunday ekan, haydovchining YPX inspektoridan xizmat olib borayotgan joyning o‘zida dislokatsiyaning asl nusxasini ko‘rsatishni talab etishi asossizdir.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, YPX inspektori kichik serjant D.Raxmanov mazkur holatda haydovchi B.Yermetovning yo‘l harakatini qoidasini buzganligi bilan bog‘liq maʼmuriy huquqbuzarlik holatini rasmiylashtirishda xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy rioya qilish bilan birgalikda o‘zining yuksak muomala madaniyatini ham namoyon etgan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati