14 Iyul 2020 yil 701

Rasmiy munosabat: You Tube videoxostingidagi “Baxodir brat” kanalida “Xorazmda GAI bilan tortishuv. Remenga yozildi...” nomi ostida tarqatilgan videolavha yuzasidan

2020 yil 7 iyul kuni You Tube videoxostingidagi “Baxodir brat” kanalida “Xorazmda GAI bilan tortishuv. Remenga yozildi...” nomi ostida tarqatilgan videolavha Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganida quyidagilar maʼlum bo‘ldi:

Videolavhada joriy yilning 2 iyul kuni Xiva shahrida o‘z xizmat vazifasini olib borgan viloyat IIB YHXB Yo‘l-patrul xizmati inspektori safdor J.Yaqubov va “Lada” rusumli 90 M 971 GA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisi B.Palvanov o‘rtasidagi muloqot jarayoni aks etgan.

Videolavhada haydovchi B.Palvanov xavfsizlik kamarini taqmasdan transport vositasini boshqarib kelayotganligi hamda chorrahani kesib o‘tish qoidalariga rioya qilmaganligi uchun YPX inspektori tomonidan to‘xtatilib, qoidabuzarliklari tushuntirilib maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilishi aytilganida, haydovchi B.Palvanov maʼmuriy javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida boshqa haydovchilar ham xavfsizlik kamarini taqmasdan transport vositasini boshqarib kelayotganligi ro‘kach qilib, tegishli xujjatlarini YPX inspektoriga taqdim qilmaslikka harakat qilgan.

YPX inspektori mazkur holatda haydovchi bilan muloqot jarayonida o‘rnatilgan meʼyor talablariga qatʼiy rioya qilgan holda, har bir haydovchiga alohida-alohida va ketma-ketlikda chora ko‘rilishini tushuntirib, haydovchi B.Palvanovga nisbatan transport vositasini boshqarish paytida xavfsizlik kamarini taqmaganligi va chorrahani kesib o‘tish qoidalariga rioya qilmaganligi yuzasidan asosli ravishda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirgan.

Shu o‘rinda haydovchi va yo‘lovchilarga transport vositasini boshqarish paytida xavfsizlik kamarini taqish, yuz berishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari paytida faqat o‘zlarining hayoti va sog‘ligini saqlash uchun xizmat qilishini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech